O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi Toshkentning Yunusobod tumanidagi 5-maktabda o‘g‘il va qiz bolalar kiyim almashtirish xonalariga kuzatuv kameralari o‘rnatilganini aniqladi, deya xabar qildi XTV matbuot xizmati.

Xalq ta’limi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati 7 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan «Xalq bilan muloqot / Dialog s narodom» Facebook-guruhida tarqalgan xabarlar asosida maktabda tekshiruv o‘tkazdi. Natijada maktab sport zalining o‘g‘il va qiz bolalar kiyim almashtirish xonalarida kuzatuv kameralari o‘rnatilgani aniqlandi.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, kiyim almashtirish xonalaridagi kameralar demontaj qilindi.

«Bu kabi holatlarni oldini olish borasida barcha maktab rahbariyatiga tegishli ko‘rsatmalar berildi», — deyiladi XTV xabarida.