O‘tgan yilning oktyabrida «Toshshahartransxizmat» raisi imzolagan buyruqda kompaniya hamda shahardagi avtobus saroylari rahbarlari va xodimlari juma kunlari jamoat transportidan foydalanishlari lozimligi belgilandi. Qaror rahbariyatga yo‘lovchilar kayfiyatini his etish va jamoat transporti foydalanuvchilari noroziligini keltirib chiqarayotgan muammolarni o‘zida sezishga yordamlashish maqsadida qabul qilingan edi.

«Gazeta.uz» mazkur qaror amalda qanday ijro etilayotganiga qiziqdi. Qishning so‘nggi jumalaridan birida muxbirimiz «Toshshahartransxizmat» raisi Mohir Valiyev va uning iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari Abduaziz Abduqodirov bilan avtobuslarda kezdi. Har ikki rahbarning ishga borish va qaytish vaqtlari hamda yo‘nalishlarini ularning yordamchilaridan aniqladik.

Ertalabki 7:30, Mohir Valiyev esa Qoraqamish-2/4 mavzesidan MUMga qatnovchi 85-avtobusning boshlang‘ich bekatida.

Katta sig‘imli MAN avtobusi harakatini jadvalga mos ravishda — 7 yarimda boshladi. Bir necha bekatdayoq avtobus yo‘lovchilar bilan to‘lib, o‘girilish mushkul holga kelib qoldi.

Mohir Valiyev harakat haqida vaqti-vaqti bilan kompaniya rahbarlarining Telegram-guruhiga yozib bordi.

Mohir Valiyev 85-avtobusda.

Qoidaga ko‘ra haydovchi va chiptachilar avtobusda kompaniya rahbarlaridan biri ketayotganini bilmaydi. Bu holatda avtobus tez harakatlandi va «Toshshahartransxizmat» rahbari haydovchi ogohlantirilishini ma’lum qildi.

Yo‘lovchilardan biri jurnalistlarga kechki vaqtlarda reyslarning muntazam qatnamasligidan shikoyat qildi. «Men kollejda o‘qiyman va darsdan keyin ishlayman, uydan barvaqt chiqib, kech qaytaman, deydi bank kolleji o‘quvchisi Shahlo Yunusova. — kechki vaqtlarda avtobuslar kam qatnaydi. Yarim soat va undan ortiq kutishga to‘g‘ri keladi. Kecha bekatga to‘qqiz yarimda chiqib, 45 daqiqa kutdim. Lekin avtobus kelmadi. Metroda „Beruniy“ bekatigacha borib, u yog‘iga taksiga chiqishimga to‘g‘ri keldi».

Amir Temur shoh ko‘chasida «Toshshahartransxizmat» rahbari bir necha bekatni kichik sig‘imli Isuzu avtobusida ketishni taklif qildi. 140-avtobus saloni ham tiqilinch edi.

«Toshshahartransxizmat» rahbari Isuzu avtobusiga chiqmoqda.

Yo‘l kirani haydovchining o‘zi oldi, chunki Isuzu uchun chiptachi shtati ko‘zda tutilmagan. Yo‘lovchilarga chiptalar deyarli berilmadi. Tabiiyki, bunday holat haydovchi faoliyati, harakat xavfsizligi va yo‘lovchilar vaqtiga yaxshi ta’sir ko‘rsatmaydi.

Isuzu avtobusida yurish unchalik ham qulay emas. Haydovchi birdaniga tezlik olib, keskin tormoz berishi natijasida yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirdi. Mohir Valiyev qo‘l ostidagilarga haydovchiga tanbeh berishni topshirdi.

Safar vaqtida kuzatilishi mumkin bo‘lgan muammo va noqulayliklar poytaxtliklar uchun yangilik emas — ular bilan deyarli har kuni to‘qnash kelishadi. «Toshshahartransxizmati» ularni qanday hal etishni maqsad qilgan?

«Biz avtobuslar yetishmovchiligini bosqichma-bosqich hal etamiz. Oxirgi bir necha oyning o‘zida 160 ta MAN va SAZ LE 60 avtobuslari sotib olindi. Joriy yilda yana eng kamida 100 ta ushbu rusumdagi avtobuslar xarid qilinadi», — dedi Mohir Valiyev. Biroq avtobuslardagi tirbandliklarni kamaytirish va harakat davomiyligini yaxshilash uchun yana ko‘p ishlar qilinishi kerak. hozircha muammo tig‘iz vaqtlarda zarur yo‘nalishlarga qo‘shimcha mashinalar kiritish orqali hal etilmoqda.

Yaqinda avtobuslar harakatini kuzatish uchun GPS-monitoring tizimi ishga tushirildi. Mart oyi so‘ngiga qadar avtobus reyslarini avtomat hisobga olish tizimini joriy etish rejalashtirilgan. «Bugun tizim bunday ishlamoqda: haydovchi so‘nggi bekatga keladi, dispecher vaqtni qayd etadi va muhr bosadi. Yangi tizim sharofati bilan inson omilidan voz kechiladi. Dispecher o‘zining asosiy ishi — qatnovlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi, haydovchi esa harakat jadvaliga mas’uliyat bilan yondashadi», — dedi rais.

Ko‘p yillardan buyon hal etilishi ortga surib kelinayotgan yana bir dolzarb masala — elektron to‘lov tizimini joriy etish. U ishga tushirilishi bilan bir necha avtobuslarga chiquvchi yo‘lovchilar pulini tejashi, xizmat ko‘rsatish tezligi oshishi va tushumlar hisobi shaffofligi oshishi mumkin. Haydovchi o‘z oyligini oladi va chiptalar sotish jarayoniga aralashmaydi, shuningdek kunlik reja topshirish to‘g‘risida qayg‘urishni to‘xtatadi.

Alohida yakka choralar jamoat transporti tizimini tubdan yaxshilay olmaydi, deya tan oladi Mohir Valiyev. «Jiddiy qadamlar tashlanishi kerak. Ular orasida — jamoat transporti uchun alohida qatnov yo‘laklarini tashkil etish. Bu avtobuslar harakatini tezlashtiradi va shaharliklarning shaxsiy avtomobillardan voz kechishlariga qo‘shimcha rag‘bat uyg‘otadi».

«Ko‘chalari ikki-uch polosadan keng bo‘lmagan aksariyat mamlakatlardan farqli ravishda, Toshkentda ko‘chalar besh va undan ortiq qatnov yo‘lagiga ega. Bu esa trafik uchun zarar yetkazmagan holda maxsus avtobus qatnov yo‘laklarini ajratia imkon beradi», — deydi u.

Toshkent hokimi tashabbusi bilan turk mutaxassislari shahar jamoat transportini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqdi. Yaqinda u poytaxt ma’muriyati rahbariga taqdim etildi. Loyiha nafaqat jamoat transportini, balki yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, jumladan shaharda transport harakatini optimallashtirish, avtobus qatnov yo‘laklari, veloyo‘laklar va piyodalar uchun hududlar, yo‘l kira uchun elektron to‘lov tizimini joriy etish, avtomobillarni qo‘yish maydonlarini tashkil etish va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi.

««Toshshahartransxizmat"ning muhim vazifasi — jamoat transportini raqobatbardosh va jozibador qilish, — deya ta’kidladi Mohir Valiyev suhbatni yakunlar ekan. — Yaqin kelajakda jamoat transporti deganda «xavfsizlik», «aniqlik» va «qulaylik» kabi tushunchalar esga keladigan holga keltirish».

Xuddi shu kuni kechqurun Oloy bozori oldidagi bekatda «Toshshahartransxizmat» raisining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari Abduaziz Abduqodirov bilan uchrashamiz. U 24-avtobusga (TTZ mavzesi — Yunusobod-6) chiqadi.

Abduaziz Abduqodirov (o‘ngdan ikkinchi).

MAN avtobusida kechki tig‘iz vaqtlarda odatiy holat — tirbandlik kuzatiladi. Abduaziz Abduqodirovning so‘zlariga ko‘ra, avtobus jadval vaqti bo‘yicha aniq keldi va bekatda to‘xtadi. Keyinroq Yunusoboddagi so‘nggi bekatda dispecher Yulduz Nazarovaning ma’lum qilishicha, shu kuni qatnov yo‘nalishi bo‘yicha 11 ta avtobus 15 daqiqalik oraliqda harakatlangan.

Abduaziz Abduqodirov.

Odam ko‘pligi bois chiptachi salon bo‘ylab yurmasdan, eshiklar oldida yo‘l haqlarini yig‘ib oldi.

Haydovchi mashinani tartib bilan haydadi va qoidabuzarliklar sodir etmadi. Biroq tirbandliklar, bekatlarning «marshrutka"lar va noqonuniy taksilar tomonidan to‘sib qo‘yilishi kabi holatlar jadvalga rioya etilishiga xalal berib turdi.

Haydovchining aytishicha, sobiq «Universam» savdo markazi va «Buyuk ipak yo‘li» metrosi oldida murakkab vaziyat kuzatiladi. Bu joylarda bekatgacha borishning imkoni bo‘lmay qoladi.

Dispetcher Yulduz Nazarova.

«Toshshahartransxizmat» raisi o‘rinbosari rahbarning kompaniyaga muammolar ma’lum ekani va ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani haqidagi so‘zlarini takrorlaydi.

U nafaqat juma, balki har kuni maxsus guruh yo‘nalishlardagi vaziyatlarni o‘rganishi, aniqlangan kamchiliklarni o‘z joyida tezkor hal qilishga harakat qilayotganini aytib o‘tadi.

«Toshshahartransxizmat» binosi oldida juma kunlari xizmat avtomobillarining tizib qo‘yilganini ko‘rish mumkin, bu kuni rahbarlarga ulardan foydalanish taqiqlanadi. Kompaniya raisining so‘zlariga ko‘ra, haydovchilar payshanba kuni kechqurun mashinalarni qoldirib ketadi va juma kuni oqshom ularni olib ketadi. Shunday vaqtlar kelib, jamoat transportida yurish turli idoralar rahbarlari uchun ham afzal transportga aylanishiga ishongingiz keladi.