«Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyati hududida uchta yirik investitsion loyiha — Polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish, Ammiak va karbamid ishlab chiqarish hamda Azot kislotasi ishlab chiqarish korxonalari qurilishi qizg‘in davom etmoqda. Ushbu korxonalarga zamonaviy tejamkor texnologik uskunalar o‘rnatilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish loyihasining umumiy qiymati 500 million AQSH dollaridan oshadi. Ushbu loyiha joriy yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Korxona foydalanishga topshirilgach, yiliga import o‘rnini bosuvchi 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol tayyorlanadi. 900 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotning 50 foizdan ortig‘i eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, jamiyatda ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 985 million dollar bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, bu yerda yiliga 660 ming tonna ammiak, 577,5 ming tonna karbamid olish, ulardan tayyorlanadigan mineral o‘g‘itlar turini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yana bir loyiha — Azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishini ham nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan. Texnik iqtisodiy asoslarga muvofiq umumiy qiymati 216,6 million dollarga teng ushbu ishlab chiqarish ob’ektida yiliga 500 ming tonna mahsulot tayyorlash mumkin bo‘ladi.