O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining bir qator vazifalarini Milliy gvardiyaga berish rejalashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Jumladan hozirda alkogolizm yoki narkomaniyadan majburiy davolanishga ixtisoslashgan davolash-profilaktika muassasalari shartnoma asosida ichki ishlar organlari bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihada ushbu vazifani Milliy gvardiya zimmasiga yuklash taklif qilinmoqda.

Shuningdek, diplomatik vakolatxonalar va ular rahbarlarining shaxsiy qarorgohlarini qo‘riqlashni ham Milliy gvardiyaga berish taklif qilinmoqda.

«Do‘rmon» Milliy bog‘i hududini qo‘riqlashni ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlardan Milliy gvardiya vakolatiga o‘tkazish taklif qilinmoqda.

Milliy gvardiya 2017 yil avgustida prezident farmoniga asosan qayta tashkil etilgan edi. Yanvarda Shavkat Mirziyoyev Qo‘riqlash bosh boshqarmasini IIV tarkibidan Milliy gvardiya tarkibiga o‘tkazishni topshirgan edi.