AQSH hukumati O‘zbekistonning birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova va «O‘zdunrobita» kompaniyasining sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovga nisbatan rasman ayblov e’lon qildi. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi saytida ma’lum qilindi.

Gulnora Karimova va Behzod Ahmedov korrupsion tuzilmalarda qatnashganlikda va uchta kompaniya — MTS va VimpelCom (hozir — Veon, Beeline brendi) va TeliaSonera (hozir — Telia Company, Ucell savdo belgisini boshqargan)dan pora evaziga qo‘lga kiritilgan 865 million dollar pulni yuvganlikda atsblanmoqda.

AQSH Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2004 yildan 2012 yilga qadar MTS «o‘zbek hukumat organlariga ta’sir o‘tkazish imkoniga ega bo‘lgan, telekommunikatsiya sanoatini boshqargan» Gulnora Karimovaga pora tariqasi 420 million dollar to‘lagan. O‘z navbatida VimpelCom (2006−2012) — 114 mln dollar, Telia (2007−2010) — 331 mln dollar pora bergan. Xabarda aytilishicha, kompaniyalar Gulnora Karimovaga uning yordamida O‘zbekiston bozoriga kirish va operatorlarning keyingi operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida pora berishgan.

«Gulnora Karimova o‘zining rasmiy holatidan ta’magirlik va uchta mashhur telekommukatsion kompaniyadan 865 million dollar miqdorida pora olishda foydalanganlikda va bu porani AQSH moliyaviy tizimi orqali yuvganlikda ayblanmoqda», — deyiladi AQSH Adliya vazirligi jinoyatchilik bo‘limining bosh prokurori yordamchisi Brayan Benchkovskining bayonotida.

Karimova va Ahmedovga qarshi jinoiy ish Nyu-Yorkning Janubiy okrugi sudiga topshirildi. Ayblanuvchilarga qo‘yilgan ayblovlar sudda isotlanmas ekan, ularning ikkaloviga ham aybsizlik prezumpsiyasi qo‘llanadi, deyiladi bayonotda.

Sal ilgari MTSning O‘zbekistondagi korrupsiya yuzasidan AQSH hukumati bilan tinchlik kelishuviga erishgani va 850 million dollar miqdorida jarima to‘lashi bo‘yicha bir to‘xtamga kelingani ma’lum bo‘lgandi. VEON kompaniyasi 2016 yilning fevralida AQSHga 795 million dollar jarima to‘lash evaziga tinchlik kelishuviga erishgandi. Telia esa 2017 yilning sentyabrida AQSH va Niderlandiya hukumatiga 965 million dollar miqdorida jarima to‘lagandi.

MTS 2016 yilning avgust oyida o‘zining UMS operatoridagi ulushini O‘zbekiston tomondagi hamta’sischisi bo‘lmish «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi»ga sotgan holda O‘zbekiston bozorini tark etgandi. 2018 yilda esa Telia o‘zining Ucell kompaniyasidagi ulushini Davlat raqobat qo‘mitasiga sotgandi.