O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida harbiy jurnalistika kasbiy qayta tayyorlash kursi va 2019−2020 o‘quv yillarida harbiy jurnalistika yo‘nalishi ochilishining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tadbirda ma’lumot berilishicha, harbiy jurnalistika yo‘nalishi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Ular 4 yillik bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 4 oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslaridir. 2019−2020 o‘quv yilida harbiy jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha 20 nafar talabalarning barchasi grant asosida o‘qishga qabul qilinadi.

— Harbiy jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha sohaga yo‘naltirilgan maxsus o‘quv reja hamda jurnalistika sohasi bilan birgalikda harbiy bilim va ko‘nikmalarni shakllantiruvchi o‘quv-dasturlari ishlab chiqilgan, — deydi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozima Muratova.

Shuningdek, jami 4 oylik (576 soatlik) kasbiy qayta tayyorlash kurslarining maxsus o‘quv rejasi va dasturlari yaratildi. O‘quv kurslarida asosan jurnalistika bilan bog‘liq nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, harbiy sohaga yo‘naltirilgan fanlar aks etgan. O‘quv jarayoniga jurnalistika sohasida ko‘p yillik tajribaga ega professor-o‘qituvchilar, harbiy sohaning yetakchi mutaxassislari jalb etiladi. Harbiy jurnalistika yo‘nalishida tahsil olish istagida bo‘lgan abituriyentlar jurnalistika sohasida talab etiladigan test, og‘zaki suhbat bilan birgalikda jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan ham imtihon topshirishadi.

Tadbirda ma’lumot berilishicha, bakalavriat yo‘nalishida tahsil olish uchun tanlab olinadigan talabalarning 20 nafari ham davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. To‘rt oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslari pulli asosda bo‘lib, hech qaday va cheklov va imtihonlar yo‘q, o‘qish istagida bo‘lganlar arizalari asosida tanlab olinadi.

Dastlabki o‘quv kurslariga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Tadbir so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘rtasida kelishuv memorandumi imzolandi.