O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mart oxirida Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurishi mumkin, deya ma’lum qildi seshanba kuni BAA iqtisodiyot vaziri Sulton bin Said Al Mansuriy.

Seshanba kuni Toshkentda Iqtisodiy, savdo va texnik hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-BAA hukumatlararo komissiyasining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Biz shu oy oxirida O‘zbekiston prezidentining BAAga tashrifini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz», — dedi komissiya hamraisi Sulton bin Said Al Mansuriy.

Vazir neft-gaz, energetika, infratuzilmaviy loyihalar va qishloq xo‘jaligi sohalari ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘lishini ta’kidladi. «Hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun «yo‘l xaritasi"ning ishlab chiqilishi oldinga tashlangan qadam bo‘lishi shubhasiz», — deya qo‘shimcha qildi BAA vakili.

Yig‘ilishda tomonlar qator BAA kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar — Mubadala bilan uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash, Masdar bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi hamkorlik, ADNOC kompaniyasi bilan «O‘zbekneftgaz» uchun tabiiy gazni qazib olish va qayta ishlash sohasida konsultatsiyalar o‘tkazish masalalarini muhokama qildi.