«Real Madrid» futbol klubi Zayniddin Zidanni lavozimidan ozod qilingan Santyago Solari o‘rniga bosh murabbiy etib tayinlanganini ma’lum qildi. 46 yoshli fransuz 2022 yil 30 iyungacha shartnoma imzoladi, deya xabar qildi Ispaniya jamoasi matbuot xizmati.

Santyago Solari Xulen Lopetegi o‘rniga Madrid klubiga oktyabr oxiridan buyon rahbarlik qilib kelayotgan edi. Uning boshchiligida «Qirollik klubi» Ispaniya Kubogi va Chempionlar ligasidan chiqib ketdi, La Liga chempionatida esa yetakchilik qilayotgan «Barselona"dan 12 ochko ortda qolgan holda uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

Zayniddin Zidan «Real Madrid"ni 2016 yildan 2018 yilgacha boshqardi. Uch mavsum ichida u klub bilan birgalikda uch marta Chempionlar ligasi, bir marta Ispaniya chempionati, ikki martadan jahon klublari chempionati va UEFA Superkubogida g‘alaba qozondi.