8 mart kuni Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘rsidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida xabar qildi.

Qaror bilan, Qashqadaryo viloyatida yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Unga muvofiq, G‘ilon va Ko‘l qishloqlarida etnoturizm yo‘nalishi tashkil etiladi hamda har bir qishloqda 5 tadan mehmon uylari quriladi.

Varganza va Hazrati Bashir qishloqlarida agroturizm faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu yo‘nalish doirasida Anor festivali o‘tkaziladi.

Tatar, Zarmast va Vari qishloqlarida ekstremal turizm faoliyati tashkil etiladi hamda qishloqlarda 5 ta mehmon uyi, 5 ta kemping va 10 ta o‘tov quriladi.

Etnoqishloq — Amir Temur jangchilarining harbiy tayyorgarlik lageri barpo etiladi.

Shuningdek, Sarchashma va Suvtushar qishloqlarida ekologik turizm, Kitob kenglik stansiyasi hududida astronomik turizm yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi.

«Festivallar shahri» brendi ostida MICE turizm yo‘nalishi ochiladi.

Ushbu yo‘nalish doirasida Amir Temur merosi va bunyodkorlik san’atiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlar o‘tkaziladi.