Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahrida ayol kishi o‘ldirish va uning o‘g‘liga og‘ir tan jarohatlarini yetkazganlikda ayblanayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Bo‘stonliq tumani IIB navbatchilik qismining xabariga ko‘ra, 28 fevral kuni soat 22:40 larda Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahrida yashagan 39 yoshli I.U.ning murdasi o‘z yotoqxonasida turli tan jarohatlar bilan topilgan. Marhumaning 15 yoshli o‘g‘li tanasining turli joylarida kesilgan-sanchilgan og‘ir tan jarohatlari bilan topilib, tuman ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasiga yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan 1 mart kuni Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a», «j» bandi (ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan dastlabki tergov harakatlari natijasida fuqaro N.A. ushbu jinoyatni sodir etishda gumon qilinib, 1 mart kuni JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

2 mart kuni N.A.ga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi «a», «j» bandlari, 164-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovning borishi ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatildi.