Prezident Shavkat Mirziyoyevning 7 martdagi qaroriga binoan, Toshkent shahri va barcha hududlarda Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-kuvvatlash markazlari tashkil etiladi.

«Aholining mehnat orqali daromad topishga bo‘lgan qiziqishini keskin oshirish, ayniqsa muhtoj oilalarning hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa tadbirkorlik faoliyatini, shuningdek, hududlarda foydalanilmayotgan binolarda ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni, aholi tomorqalari va bo‘sh ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bilan bog‘liq loyihalarni imtiyozli shartlarda moliyalashtirishni tizimli ravishda davom ettirishni taqozo etmoqda», — deyiladi hujjatda.

Qaror bilan o‘tgan yil yozidan buyon amalga oshirib kelinayotgan «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida nazarda tutilgan loyihalar va tadbirlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilandi. Imtiyozli kreditlar oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga yillik 8 foiz stavkada 3 — 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratiladi.

Aholiga imtiyozli kreditlar «Har bir oila — tadbirkor» va «Yoshlar — kelajagimiz» maqsadli dasturlari bo‘yicha oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari orqali taqdim etiladi.

Tovarlar (xizmatlar) shartnoma asosida kelishilgan narxda yetkazib berilgandan (xizmatlar ko‘rsatilgandan) va loyiha egasi undan qanoatlanish hosil qilganidan so‘ng ajratiladi va mahsulot yetkazib beruvchi (xizmat ko‘rsatuvchi)ning hisobraqamiga o‘tkazib beriladi.

Bir oy muddatda barcha tuman (shahar)larda aholi va muhtoj oilalarni foydali mehnatga jalb etgan holda eksportbop, bozor talabiga to‘liq javob beradigan qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish jarayonini qamrab olgan klaster tizimini keng joriy etish bo‘yicha aniq choralarni ishlab chiqish topshirildi.

Har bir mahalla hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda «bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili asosida muayyan bir yo‘nalishga ixtisoslashadi.