«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi aviaparki birinchi Airbus A320neo samolyotiga ega bo‘ldi. Samolyot dushanba kuni kechga yaqin Gamburgdan yetib keldi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

O‘z sigmentida yangi hisoblangan A320neo (neo — new engine option) 150 o‘rindiqlik bo‘lib, uning 12 tasi biznes-klas, 138 tasi esa ekonom sinfga oid. U yangi LEAP-1A dvigatellari va fyuzelyaj (samolyot korpusi — tahr.) konstruksiyasining zamonaviy talablar asosida takomillashtirilgani hisobidan avvalgi turdoshlariga nisbatan 20 foizga tejamkor. Laynerning parvoz masofasi 4500 dan 5000 kilometrdan ziyodroqqa uzaytirilgan. Bu esa butun Markaziy Yevropa hududlariga reyslarni amalga oshirishga imkon beradi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» bosh direktori o‘rinbosari Gennadiy Xarlap ayni vaqtda yangi samolyot uchun yo‘nalishlar ishlab chiqilayotganini qayd etdi. Uning Yevropaga parvozlarni amalga oshirishi kutilmoqda.

«Kompaniyamiz tarixida ilk bor [samolyot] internet, Wi-fi bilan jihozlangan. Bu samolyot o‘rta masofalar uchun… Samolyot O‘zbekiston aholisi, sayyohlar uchun maksimal qulaylik beradi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Uzbekistan Airways ikkinchi A320neo samolyotini aprelning boshida olib kelinishini kutmoqda. 2020 yilning oktyabr-noyabrida uchinchi shunday samolyot keltiriladi.

Joriy yilning aprel-iyunida ikkita Boeing 787 Dreamliner samolyotlarining olib kelinishi, ular ham Wi-Fi uskunalari bilan jihozlanishi kutilmoqda.

«Shunday qilib, biz flotimizni barcha xalqaro standartlar bo‘yicha eng yuqori darajaga olib chiqishni boshlaymiz. Xizmat ko‘rsatish madaniyati, yo‘lovchilarning hordiq chiqarishi va yo‘lovchi o‘zini uyidagidek his qilishi uchun zarur talab qilinuvchi barcha narsa», — dedi Gennadiy Xarlap.

Ikkita A320neo samolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma 2017 yilda imzolangan edi. Bugungi kunda «O‘zbekiston havo yo‘llari» Boeing 757/767, Boeing 787−8, A320 hamda yuk tashuvchi Boeing 767−300BCF samolyotlaridan tarkib topgan.

Foto