Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 9 mart kuni «Yashil tashabbus» ekologik aksiyasini boshlab berdi. Poytaxt ma’muriyati rahbari o‘z jamoasi bilan shaharning turli qismlarida eman, kashtan, katalpa va mevali daraxtlarni o‘tqazdi.Shaharni yashillashtirishda barcha shaharliklar ishtirok etishi mumkin. Fuqarolar o‘zi istiqomat qilayotgan joyga yoki maxsus ajratilgan hududlarga daraxt ko‘chatlarini ekishlari mumkin. Hokimiyat fuqarolarga o‘z yerlariga o‘tqazishlari uchun meva daraxti ko‘chatlarini taqdim etmoqda. Ko‘chatlarni 25 martga qadar tarqatish shoxobchalaridan (manzillar quyida) olish mumkin. Har bir daraxtga uni o‘tqazgan insonning ism-shariflari yozilgan taxtachalar ilib qo‘yiladi.

Mart oyi davomida jami bo‘lib 409 ming buta (jumladan suriya atirguli, magnoliya va forzitsiyalar) va daraxtlarni (kashtan, eman, zarang va boshqa turlari) rejalashtirilgan. Aksiyada 2000 dan ziyod volontyorlar hamda davlat organlari va mahalla qo‘mitalari ishtirok etadi.

Toshkent hokimi daraxt ekishda ishtirok etmoqda.

«Bu [Toshkent aholisi uchun] shahar go‘zalligiga o‘z hissasini qo‘shishga rag‘bat beradi. Bugungi tashabbusdan keyin shahrimizning ko‘plab fuqarolari shahar va bo‘lg‘usi avlodlar uchun [daraxtlarning] ahamiyatini tushunib yetadi va ularda o‘z uyi, bog‘i, ko‘chasi, ish joyini ko‘kalamzorlashtirish istagi paydo bo‘ladi, deb hisoblayman. Bunday aksiyalarni bir kun emas, kuzda, yozda, bahorda turli shakllarda o‘tkazish kerak, deb o‘ylayman», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev «Gazeta.uz» muxbiriga.

Shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Edbek Shukurov «Gazeta.uz"ga 9−10 mart kunlari 122 ming tup ko‘chat o‘tqazish rejalashtirilganini ma’lum qildi. keyingi hafta davomida esa mahallalar, turli tashkilotlar uchastkalari va Kichik avtomobil halqa yo‘lida turli navdagi daraxtlar ekiladi.

Elbek Shukurov (chapdan ikkinchi).

«Bugun biz shaharliklar bilan daraxt o‘tqazayapmiz. Ko‘rib turganingizdek, hokim o‘rinbosari ham, shahar hokimining o‘zi ham shaharni ko‘kalamzorlashtirishga hissa qo‘shmoqda. Har yili biz ko‘p ming tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgani haqida hisobot beramiz. Ammo har bir daraxtni nazorat qilishning imkoni yo‘q. Shuning uchun bu yil shtab tuzdik va qayerga daraxt o‘tqazish mumkinligini ko‘rib chiqdik», — dedi u.

Bahorgi bosqich davomida dam olish kunlari master-klaslar, vokal va raqs tadbirlari o‘tkaziladi. Animatorlar va volontyorlar maktab o‘quvchilari va bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilariga tabiatni asrashni o‘rgatadi. Aksiyaning birinchi kuni hokimiyat barcha yo‘nalishlarda san’atkorlar chiqishlarini tashkil etdi.

«Biz Paravozlar muzeyi qarshisidagi tumanimiz ko‘chat tarqatish shoxobchasiga borib-keldik, — deydi aksiya ishtirokchilaridan biri Nadejda Bichurina. — Biz mahallaga 30 tup meva ko‘chati ekdik. Menga va bolalarga bu juda yoqdi. O‘ylaymanki, bu aksiya juda ijobiy. Shunchaki borish va [daraxt] ekish, bu — ajoyib. Butun kunga yetadigan quvvat olasiz! Hokimiyatga barakalla, deyishni xohlardim».

Elbek Shukurovning so‘zlariga ko‘ra, «Yashil tashabbus» — bir martalik loyiha emas. Ko‘chatlar maxsus tashkil etilgan ko‘chatxonada doimiy ravishda tayyorlanadi. O‘simlarni parvarish qilishni istirohat bog‘lari va ijtimoiy muassasalar (maktablar, bolalar bog‘chalari, shifoxonalar) direksiyalari, shuningdek shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari o‘z zimmasiga oladi.

«Hokimiyatning vazifasi — nafaqat daraxtlarning noqonuniy kesilishiga qarshi kurashish, balki yangi daraxtlarni o‘tqazish hamdir», — deya ta’kidladi hokim o‘rinbosari.

Tez orada hokimiyat daraxtlarni noqonuniy kesish holatlariga duch kelgan fuqarolar murojaat qilishlari uchun maxsus telefon raqamini ishga tushiradi.