Mart-aprel oylarida Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan madaniyat tadbirini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar qildi. Ushbu madaniyat bayramida o‘zbekistonlik san’atkor va ijodkorlar ishtirokida katta konsert uyushtiriladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida bir qator muzokaralar olib bormoqda. Tashrif doirasida u «Koreya Respublikasi-Markaziy Osiyo» hamkorlik forumi kotibiyati direktori Lim Chyol Vi bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki mamlakat madaniyat vakillari ishtirokida hamkorlikdagi madaniy tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olindi.

Jumladan, sentyabr oyida O‘zbekistonda Koreya ko‘rgazmasini tashkil etishga kelishildi. Bundan tashqari, 2020 yilda O‘zbekiston muzey xodimlarining Janbuiy Koreyada malaka oshirishlari masalasida muzokaralar olib borildi.