SSSR xalq artisti, teatr va kino aktyori Vladimir Etush shanba kuni 96 yoshda vafot etdi. Bu haqda TASS agentligiga Vaxtangov nomidagi teatr direktori Kirill Krok ma’lum qildi.

Artist juma kuni shifoxonaga yotqizilgan, shanba kuni 14:30 da (Toshkent vaqti bilan) hayotdan ko‘z yumgan.

Aktyorga yaqin manbaning TASSga xabar qilishicha, bir oycha muqaddam Vladimir Etush infarktni boshdan kechirgan, shundan so‘ng kasallik zo‘rayib borgan.

Vladimir Etush 1922 yil 6 may kuni tavallud topgan. 1939 yilda Shukin nomidagi teatr bilim yurtiga kirgan, biroq frontda xizmat qilish uchun o‘qishni to‘xtatgan.

Aktyor 40 dan ziyod filmlarda tasvirga tushgan, teatr postanovkalarida o‘nlab rollarni ijro etgan. «Buratinoning sarguzashtlari» filmidagi Karabas-Barabas, «Kavkaz asirasi» kartinasidagi Saaxov, «12 stul» filmidagi muhandis Bruns, «Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi» filmidagi Anton Semyonovich Shpak rollari bilan esda qolgan.

1984 yilda Etush SSSR xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan.