O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 martda mamlakatning xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga yo‘naltirilgan navbatdagi hujjatni imzoladi.

Mamlakat rahbari farmoni bilan Ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya tashkil etildi. Moliya vazirligi tuzilmasidagi yangi — xalqaro reytinglar va indekslar bilan ishlash boshqarmasi uning ishchi organi etib belgilandi.

Vazirlik tuzilmasiga xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari lavozimi kiritildi. Moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, prezident qarori bilan mazkur lavozimga kuzdan buyon vazir maslahatchisi va Suveren davlat, korporativ (bank) qarz majburiyatlari va davlat qarzi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Odilbek Isoqov tayinlandi.

Komissiya bir oyda kamida bir marta yig‘ilish o‘tkazib, mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradi va amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib boradi.

Fevral oxirida prezident O‘zbekistonning xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Hujjat bilan O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini monitoring qilish va baholash milliy tizimini yaratish belgilandi. Mavjud muammolarni aniqlash va milliy indekslarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi turli tadqiqot institutlariga alohida reytinglar biriktirildi.