Rossiyaning MTS aloqa operatori AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi hamda AQSH Adliya vazirligi bilan O‘zbekistondagi korrupsiya ishi bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishdi.

«Kelishuv MTSning O‘zbekistondagi sho‘’ba kompaniyasining 2004 yildan 2012 yil o‘rtasigacha bo‘lgan davrdagi faoliyati atrofida o‘tkazilayotgan tekshiruvlarga nuqta qo‘yadi», — deyiladi operator bayonotida.

Kelishuv doirasida MTS 850 mln dollar to‘laydi. Jarima MTSning 2018 yil uchinchi choragi yakunlari bo‘yicha zaxiralangan mablag‘lardan to‘lanadi, deyiladi kompaniya bayonotida.

AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi (SEC) xabariga ko‘ra, MTS respublikaning sobiq prezidentiga aloqador bo‘lgan o‘zbekistonlik mansabdor shaxsga pora bergani va telekommunikatsiyalar sohasidagi nazoratchi organga ta’sir ko‘rsatgan. Mazkur sxemani amalga oshirish jarayonida MTS biznes ochish va saqlab qolish uchun eng kamida 420 mln dollarlik noqonuniy to‘lovlarni amalga oshirgan, deyiladi xabarda.

Noqonuniy to‘lovlar MTSga O‘zbekiston telekommunikatsiyalar bozoriga chiqish va sakkiz yil davomida faoliyat olib borishiga imkon bergan. Bu vaqt ichida mobil operatori 2,4 mlrd dollar ishlab topgan.

2012 yilda O‘zbekiston hukumati MTS aktivlarini ekspropriatsiya qildi. SEC farmoyishida qayd etilishicha, poralar o‘zbek amaldorlari nazorat qiluvchi soxta kompaniyalarga yo‘naltirilgan va MTS buxgalterlik hisobotlarida turli to‘lovlar, xayriya ehsonlari kabi xarajatlar ortiga yashirilgan.

«Kompaniya qariyb to‘qqiz yil davomida sirli ravishda poraxo‘r amaldorlarga yuz millionlab dollarni taqdim etgan holda kishini g‘azablantiradigan harakatlarni sodir etgan. Poraxo‘rlik asosida qurilgan biznes ishbilarmonlar va amerikalik sarmoyadorlarning korrupsiyalashgan amaldorlarga nisbatan ixlosini so‘ndiradi», — dedi SEC`ning xorijdagi korrupsiya to‘g‘risidagi qonunlarga amal qilinishini ta’minlash bo‘yicha bo‘linmasi rahbari Charlz E. Keyn.