Lyuksemburg Buyuk Gersogligi tashqi va Yevropa ishlari vaziri J.Asselborn boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘ldi. Bu haqdu O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Mahkamov mehmonlarni vazirlik faoliyati, tarkibiy tuzilmasi, maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi.

Muloqot chog‘ida transport-logistika, tranzit sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Lyuksemburg manfaatlariga birdek xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qayd etish joiz, bugungi kunga qadar O‘zbekiston bilan Lyuksemburg o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmagan. 2018 yilning sentyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo xalqaro transport yo‘laklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida ikki mamlakat aviatsiya ma’muriyatlari «Navoiy» xalqaro intermodal logistika markazi orqali tijoriy qatnovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha ushbu sohadagi hamkorlik loyihalarini ishlab chiqishga kelishildi.

Transport vazirligida Lyuksemburg delegatsiyasi bilan tashkil etilgan uchrashuv chog‘ida ikki davlat aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risida protokol imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hujjat mamlakatlar o‘rtasida yuk, yo‘lovchi tashish va charter reyslarini amalga oshirishni huquqiy tartibga solishga xizmat qiladi. Lyuksemburgning «Cargolux» aviakompaniyasi uchun 2020 yildan Osiyo mamlakatlariga yuk tashishdagi tranzitlarni «Navoiy» xalqaro intermodal logistika markazi orqali amalga oshirish imkoniyatlarini yaratadi.