2019 yilning 26 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudida sudlanuvchi Sh. Umarovga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudi raisi J.Karimov O‘zAga ma’lum qildi.

Navoiy viloyat IIB YHXB YPXO 1-safarbarlik guruhi YPX inspektori safdor D.Soliyev Sh. Umarovni 2018 yil 11 noyabr kuni soat 01:30 larda Zarafshon shahar Tibbiyot birlashmasiga qarashli mast holdagi fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limiga olib kelgan vaqtida unga faol qarshilik ko‘rsatib, buruniga boshi bilan bir marotaba urib, haqoratlagan.

Shuningdek, uning xizmat kiyimining chap tomon pogonini uzib tashlagan. Zarafshon shahar sud-tibbiy ekspertiza byurosining xulosasiga ko‘ra, Sh. Umarov inspektor D.Soliyevga «yengil tan jarohati» yetkazgan.

Sud sudlanuvchining o‘z aybiga iqrorligini, YPX inspektori D.Soliyevga nisbatan hech qanday shaxsiy adovati bo‘lmagani, jabrlanuvchidan kechirim so‘ragani, bu qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonda ekanligini e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan bir yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.