2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda I. M. Sechenov nomidagi Moskva davlat tibbiyot universitetining filialini ochish ko‘zda tutilmoqda. Bu masalani O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova muhokama qildi, deyiladi SSV xabarida.

Bu borada qo‘shma fakultetlarni tashkil etish, bakalavriat, magistrlik va klinik ordinaturada ta’lim dasturlarini tayyorlash borasida shartnomalar tuzildi.

Shuningdek, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamkorligida «Pediatriya ishi» va «Davolash ishi» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma fakultet tashkil etiladi.

Joriy yil sentyabrdan Rossiyaning Xalqlar do‘stligi universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti birgalikda «Dermatovenereologiya» yo‘nalishida qo‘shma fakultet ochish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Orenburg davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida «Davolash ishi» va «Klinik psixologiya» yo‘nalishida ham qo‘shma fakultetlar tashkil qilinadi.

Sankt-Peterburg pediatriya tibbiyot universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali bilan birgalikda esa oltita: «Akusherlik va ginekologiya», «Bolalar jarrohligi», «Travmatologiya», «Pediatriya», «Stomatologiya» va «Onkologiya» yo‘nalishlarida xalqaro fakultetlar tashkil qilish ham ko‘zda tutilgan.

V. Skvorsova o‘zaro tajriba almashish va sohada olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashish, sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’limni rivojlantirish yuzasidan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.