Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi 27 fevraldan 6 martga qadar 438 ta qizamiqqa chalinish holatini qayd etdi. 282 holatda 14 yoshgacha bolalar ushbu xastalik bilan og‘rigan.

Qizamiqqa chalinish holatlari respublikaning barcha hududlarida kuzatilmoqda. Jumladan Ostonada so‘nggi hafta ichida 99 holat qayd etildi. «Bugungi kunda respublika bo‘yicha 186 kishi shifoxonalarda davolanmoqda, ularning 15 nafari Ostonada», dedi vazirlik.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov «Gazeta.uz» muxbiriga mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqaror ekanini ma’lum qildi. «2018 yilda qizamiq eliminatsiyasi to‘g‘risidagi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sertifikati olingan». BMT Bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) O‘zbekistonda qizamiqqa chalinish holatlari o‘sayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotiga izoh berar ekan, vazir bunday holatlar har yili qayd etilishi va ular «boshqa yerlardan olib kelinishi"ni ta’kidladi. Qozog‘istondagi vaziyat «qo‘rqitmaydi, chunki bizning epidemiologlar, immunologlar ilmiy izlanishlar olib borib, qizamiq infeksiyasiga reaksiyalar, immunologik javob darajasi, immun fondlarni aniqlamoqda. Epidemiyaning rivojlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi», dedi sog‘liqni saqlash vaziri.

Qizamiq virusi havo-tomchi yo‘li orqali osongina yuqadi va u havoda virus tashuvchi binoni tark etganidan keyin ikki soatgacha yashab qola oladi. Qizamiq toshmalar paydo bo‘lishiga va tuzalgandan keyin to‘rt kunga qadar boshqalarga yuqadi. Shu sababli kasallikka chalingan odam hech qanday shubhalarsiz virus tarqatib yuraveradi.

Vaksinatsiya — qizamiqqa qarshi yagona eng samarali yo‘l. «Harorat oshishi, yo‘tal, tumov, tomoqdagi og‘riq va tanadagi toshmalar paydo bo‘lishi bilan o‘z vaqtida tashhis qo‘yish va davolash uchun shifokorga murojaat qilish lozim», deyiladi Qozog‘iston Jamoat sog‘lig‘ini muhofaza qilish qo‘mitasi.

Qizamiq pnevmaniya (o‘pkalar shamollashi), bronxit, ensefalit (miya po‘stlog‘ining yallig‘lanishi) kabi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.