O‘zbekistonda hujjatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri nostrifikatsiya qilinadigan nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining telegram kanali orqali xabar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talikka kiritilgan oliy ta’lim muassasalarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Ro‘yxat quyidagi xalqaro tashkilotlari reytingi asosida tuzildi:

ARWU — The Academic Ranking of world Universities;

THE — Times Higher Education;

QS — Quacquarelli Symonds World University Rankings.

Reytingda birinchi 1000 ta o‘rinni egallagan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarini nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshiriladi.

Qo‘shma qaror bilan tasdiqlangan xalqaro tanolingan tashkilotlarning OTMlar reytingida birinchi 1000 talikka kiritilgan oliy ta’lim muassasalari 2018 yilda e’lon qilingan ro‘yxat asosida shakllantirilgan hamda navbatdagi reyting e’lon qilingunga qadar amal qiladi.