O‘zbekiston 2018 yilda «Lukoyl» kompaniyasi oldida 600 mln dollarga yaqin miqdorda qarzdor bo‘lib qoldi, deya xabar qildi Reuters agentligi «Lukoyl"ning qazib olish bo‘yicha vitse-prezidenti Azat Shamsuarovning investorlar bilan telefon orqali muloqotiga tayangan holda.

O‘zbekistonda «Lukoyl» kompaniyasi Qandim-Xovuzak-Shodi-Qo‘ng‘irot va Janubi-Sharqiy Hisor loyihalarida mahsulotlarni bo‘lib olish sharti bilan ish olib bormoqda. Loyihalarda ishlab chiqarilgan gaz asosan Xitoyga yetkazib beriladi, deyiladi xabarda.

Azat Shamsuarov investorlarga 600 mln dollarlik qarz O‘zbekiston bir qism gazni ichki bozorga olib qolgani sababli vujudga kelganini, kelishuvda esa respublikada qazib olingan gazning barchasini eksport qilish ko‘zda tutilganini ma’lum qildi.

Hozirda «Lukoyl» O‘zbekistonda yiliga 14,5 mlrd kub metr gaz ishlab chiqarmoqda, deya qo‘shimcha qildi «Lukoyl vitse-prezidenti. Kompaniya loyiha doirasida mamlakatga 8 mlrd dollarga yaqin sarmoya kiritgan va uning 4 mlrd dollarini qaytarib olgan, deya Reuters uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

Tomonlar qarzdorlikni ikki yil muddatda har oy teng miqdordagi to‘lovni amalga oshirish orqali restrukturizatsiya qilish hamda «Lukoyl» mamlakat ichki bozoriga yiliga 5 mlrd kub metr miqdoridagi gazni oldindan to‘lov asosida o‘rtacha hisoblangan eksport netbekiga nisbatan 12,5 foizlik chegirma bilan yetkazib berishga kelishib oldi.

2020 yilgacha «Lukoyl» O‘zbekistonda gaz ishlab chiqarish hajmini 16 mlrd kub metrgacha oshirishni rejalashtirgan. Uning 8 mlrd kub metri Qamdim, 5 mlrd kub metri — Hisor va 3 mlrd kub metri — Xovuzakda qazib olish rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni neft-gaz va kimyo sanoati sohalarida islohotlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev sohada yig‘ilib qolgan debitorlik qarzdorlikniкамайтирishни topshirgan.

«Gazeta.uz» «O‘zbekneftgaz» kompaniyasidan ushbu xabar yuzasidan izoh ololmadi.