Hayvonlarga shafqatsiz muomalada bo‘lganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi, deya xabar berdi «Mehr va Oqibat» Jonivorlarni himoya qilish jamiyati «Gazeta.uz"ga. Nodavlat notijorat tashkiloti deputatlarga tegishli taklif bilan chiqdi, deputatlar esa qonunchilik tashabbusini ilgari surdi.

Qonun loyihasi, jumladan, O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasini yangilashni ko‘zda tutadi. Hozirda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishini ko‘zda tutadi.

111-moddani quyidagicha ifoda etish taklif etilmoqda:

«Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy chora qo‘llanilganidan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilsa yoki mazkur moddaning birinchi qismida ko‘zda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishga voyaga yetmagan shaxslar jalb etilsa, — eng kam ish haqining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Hayvonlar himoyachilari jonivorlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jazo choralarining kuchaytirilishi bu kabi huquqbuzarliklar profilaktikasida samarali chora bo‘lishiga umid bildirmoqda.