Milliy matbuot markazida «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘tkazilgan anjuman tarmoqdagi yangiliklar, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlandi.Bu haqda O‘zA xabar berdi.

«O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekistonda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etmoqda. Unga ko‘ra, har bir xonadonga aksiyadorlik jamiyati hisobidan elektron hisoblagichlar o‘rnatiladi. Avvallari hududlar uchun elektr sarfi taxminiy hisoblanib, «limit» ajratilar edi. Yangi tizimda esa barcha ma’lumotlar aniq ko‘rinib turadi. Bu ta’minotda cheklovning oldini olishga xizmat qiladi.

Mazkur «aqlli» hisoblagichlar ma’lumotlarni soxtalashtirishga urinish, ya’ni hisoblagichga ta’sir o‘tkazish holatlari yuzaga kelsa, u darhol o‘chadi va tizimga xabar jo‘natadi. Energiya to‘lovi to‘lanmagan holatda masofadan o‘chish xususiyatiga ham ega. Yana bir e’tiborli jihat — bu hisoblagichlar elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 10 yilda bir marotaba qiyoslovdan o‘tkaziladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning barcha hududlarida mazkur tizimni joriy qilish rejalashtirilgan. Joriy yil Toshkent shahrining tumanlarida shunday zamonaviy elektr hisoblagichlar o‘rnatiladi. Hozirgi kunda shaharning Yunusobod tumanida ushbu tizim amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Jamiyat boshqaruvi raisi o‘rinbosari Feruz Qurbonov va boshqalar Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 23 oktyabrdagi «Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzaidan bu ishlar qilinayotganini ta’kidladi.

Mazkur hujjatga asosan 2021 yil yakunigacha 7 milliondan ortiq iste’molchining barchasi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi belgilab berilgan. Shunga muvofiq, «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida Janubiy Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi hamda Qo‘qon, Angren shaharlari «Toshelectroapparat» MCHJ XKning elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

— Zamonaviy hisoblagichlarning asosiy qismini mahalliy ishlab chiqaruvchilar yetkazib bermoqda, — dedi «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati huzuridagi Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va muvofiqlashtirish (ASKUE) direksiyasi direktori Botir Alimov. — Masalan, «Toshelectroapparat» MCHJ XK tomonidan yetkazib berilgan hisoblagichlarning 53 097 donasi Qo‘qon shahrida va 42 711 donasi esa Angren shahrida o‘rnatildi. 2019−2020 yillarda Farg‘ona va Toshkent viloyatlarining barcha iste’molchilari zamonaviy elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga to‘liq ulanishi ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, hozirgi kungacha Buxoro shahrida 42 ming dona, Jizzax shahrida 22 ming hamda Samarqand shahrida 45 mingdan ortiq elektr hisoblagichlar o‘rnatildi. Joriy yilda Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 1 million dona va 2020 yilning birinchi yarmida 400 ming dona zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatish rejalashtirilgan.