13−15 mart kunlari «O‘zekspomarkaz» MKMda «Qishloq xo‘jaligi — AgroWorld Uzbekistan 2019» 14 — Xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmada jahonning 20 ta mamlakatidan 150 ta kompaniya ishtirok etadi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Eksponentlar chorvachilik, parrandachilik, issiqxona xo‘jaliklari uchun uskunalar va texnologiyalarni, yem-xashak va don sanoati uchun yechimlarni taqdim etadi. Ko‘rgazmada ilk marotaba qatnashayotgan 60 dan ortiq ishtirokchilar — agrar sanoatning turli tarmoqlari uchun uskunalarni ishlab chiqaruvchilaridir.

Ko‘rgazmaning ikkinchi kuni O‘zbekiston fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi ko‘magida «Fermerlar kuni» o‘tkaziladi. Shu kuni tajriba almashish va ko‘rgazmada taqdim etilgan mahsulotlarning keng turlarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalar bilan bevosita muloqot qilish uchun respublikaning barcha viloyatlaridan agrar soha mutaxassislari keladilar.

Amaliy dastur doirasida, shuningdek, 13 mart kuni «Jazirama issiq iqlim sharoitida qanday qilib ko‘p sut va buzoqlar olish mumkin?» mavzusidagi seminar o‘tkaziladi.

Ko‘rgazma ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish orqali agrosanoat sektorida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish, hamda O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasining investitsion jozibadorligini oshirishga turtki bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.