O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1976 yil 21 iyun) ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi. Qonun 5 fevral kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 28 fevralda Senat tomonidan ma’qullangan edi.

Qonun ma’qullangan Senat majlisida qayd etilganidek, konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi XMT bilan aloqalarda O‘zbekiston obro‘siga ijobiy ta’sir qilib, xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash, rivojlangan davlatlarning ishchi va ish beruvchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi tajribalarini o‘rganish, mehnat va bandlik sohalaridagi qonunchilikni takomillashtirishga imkon yaratadi.

XMTning 144-Konvensiyasi bunga qadar 139 mamlakat, jumladan MDHda — Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston tomonidan ratifikatsiya qilingan.