Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Belgilanishicha, markaz quyidagilar bilan shug‘ullanadi:

respublikada ishlab chiqariladigan va import qilinadigan mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga axborot berish uchun muntazam yangilanib boriladigan elektron-axborot portalini yaratish;

ichki ishlab chiqarish quvvatlari, tovarlarga bo‘lgan talab va taklifning hajmlari, shuningdek ishlab chiqariladigan va iste’mol qilinadigan mahsulotga ichki bozorda narxlarning o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish;

tovar bozorlaridagi narxlar, talab va takliflarning o‘zgarishi dinamikasini tahlil va monitoring qilish hamda shu asosda tegishli takliflar tayyorlash;

tarmoq bozorlari kon’yunkturasini respublika va hududlar kesimida kompleks o‘rganish, ularning muvozanatli rivojlanishi to‘g‘risida takliflar tayyorlash.

Tugatilayotgan Tovar bozorlari kon’yunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertiza qilish respublika markazining asosiy vositalari, mulki va boshqa aktivlari, arxiv hamda boshqa hujjatlari markazga beriladi.

Byudjetdan tashqari markazni axborot bilan ta’minlash va moddiy rag‘batlantirishni tashkil etish jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Vazirlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning buyurtmalari bo‘yicha shartnoma asosida tovarlar va xizmatlar bozorini tadqiq etish borasida bajarilgan ishlar uchun olingan mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar uni shakllantirish manbalari etib belgilandi.

Markaz quyidagi manzilda joylashtiriladi: Toshkent sh., Islom Karimov ko‘chasi, 45 a.


https://www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/ishlab_chiqarish_va_import_nomenklaturasi_tugrisida_portal_yaratiladi