2019 yil 5 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibidagi dastlabki masala — «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasining muhokamasi qizg‘in kechdi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda O‘zbekistonda hayvonot va o‘simlik dunyosi ob’ektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish sohasidagi jinoyatlar hamda ma’muriy huquqbuzarliklar soni oshib bormoqda. Masalan, bu borada 2016 yilda 4102 ta, 2017 yilda 5245 ta, 2018 yilda esa 6043 yoki 2017 yilga nisbatan 15 foizga ortiq huquqbuzarlik sodir etilgan. Ayniqsa, ov qilish, baliq ovlash sohasida yoxud dorivor va oziqabop o‘simliklar turlarini yig‘ish yoki tayyorlash tartibini buzish bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshayotgani tashvish uyg‘otmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018 yil 2 fevralda o‘tkazilgan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rahbarlarining hisobotiga bag‘ishlangan yig‘ilishda berilgan topshiriqqa binoan, qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi Jinoyat kodeksida belgilangan, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda Ma’muriy javobgarlik kodeksida ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun javobgarlikni oshirish yo‘li bilan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi sohada profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirishga, fuqarolar va mansabdor shaxslarning atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, jumladan, hayvonot, o‘simlik dunyosidan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish borasida mas’uliyatini oshirishga, maxsus vakolatli davlat organlari ish faoliyatini tezkor va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng deputatlar «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini muhokama etdilar.

Davlat rahbarining 2018 yil 19 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni asosida ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi mamlakatimizda atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus qonunga bo‘lgan hayotiy ehtiyojni ta’minlashga qaratilgan.

Loyiha atom energiyasidan foydalanishni ta’minlash tizimi uchun huquqiy asoslarni yaratish, atom energiyasi to‘g‘risida amaldagi barcha me’yorlar va qoidalarni unifikatsiya qilish, ularni O‘zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro majburiyatlar bilan muvofiqlashtirish, atom energiyasidan foydalanishda yuridik shaxslar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha milliy qonunchilikka xorijiy davlatlarning eng samarali tajribasi hamda mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasi bilan atom energetikasi sohasida Vazirlar Mahkamasi, atom energetikasini rivojlantirish, undan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha vakolatli organ — Energetika vazirligi hamda vazirlik huzuridagi atom energetikasini rivojlantirish agentligi («O‘zatom» agentligi) hamda boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari belgilanmoqda. Atom energetikasidan foydalanish sohasida xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish tizimi joriy etilmoqda.

Parlament a’zolarining ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, atom energetikasini rivojlantirishning huquqiy shart-sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi. Atrof-muhitni ionlashtiruvchi nurlanishning salbiy ta’siridan muhofazalash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash tizimini shakllantirish hamda avariya holatlarining paydo bo‘lish xavfini minimallashtirish maqsadida atom energiyasidan foydalanishda mansabdor shaxslarning javobgarligini joriy etishga ko‘maklashadi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan yana bir muhim hujjat — «Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini (2001 yil 22 may, Stokgolm) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, «Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqida"gi konvensiya 2001 yil 22 mayda Stokgolm shahrida qabul qilingan va 2004 yildan kuchga kirgan. Hozirgi kunda 182 ta mamlakat konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi. Yetakchi davlatlardan AQSH, Italiya va Isroil konvensiyani imzolagan bo‘lsa-da, ratifikatsiya qilmagan. MDH davlatlaridan faqat O‘zbekiston va Turkmaniston ushbu konvensiyaga qo‘shilmagan.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi majburiy xarakterga ega, aholi salomatligi va atrof-muhitni turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalardan muhofazalash maqsadida ularni keskin qisqartirishga, tashlanmalarini to‘xtatishga hamda odam organizmida va ekotizimlarda qayta tiklab bo‘lmas o‘zgarishlarga olib keluvchi 12 ta xavfli birikma (keyingi to‘ldirishlar hisobga olgan holda 26 ta modda) ishlab chiqarilishini, ishlatilishini chegaralash yoki ta’qiqlashga yo‘naltirilgan Konvensiyani ratifikatsiya qilishni nazarda tutadi.

Deputatlarning qayd etishicha, Konvensiyani ratifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasiga turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar bilan bog‘liq ekologik holatning yaxshilanishiga, aholi, atrof-muhit, o‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni bartaraf etishga yordam beradi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqi imtiyozlari bosh tizimiga qo‘shilishi hisobiga mamlakatimizda ishlab chiqilgan mahsulotlarning eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish imkonini yaratadi.

Bahs-munozara, qizg‘in muhokamalardan so‘ng mazkur qonun loyihalari birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.