Davlat xizmatlari agentligi biznes muhitini yaxshilash yo‘lidagi yana bir yangilikni taqdim etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Agentlik matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, bugundan boshlab tadbirkorlar uchun bank hisobraqamini masofadan turib ochish imkoniyati yaratildi.

Tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tganlar o‘ziga ma’qul bankni tanlaydi. So‘ngra 5 daqiqa ichida bank hisobraqamini ochadi.

Buning 2 usuli, ya’ni Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurish yoki fo.birdarcha.uz orqali elektron xizmatdan foydalanish mavjud.

Tadbirkorlar bugun «Trastbank» va «Ipotekabank» Toshkent shahridagi filiallarida hisobraqam ochishi mumkin.

Har kuni banklar ro‘yxati kengayib boradi.