O‘zbekiston sharoitida ilk bor kimyoviy milerant — biosolvent preparati yaratildi. U sho‘rlangan tuproq tarkibidagi tuzni 70 foizgacha yuvish xususiyatiga egaligi bilan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Bu haqda «Ma’rifat» gazetasi saytida xabar berildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida turli soha mutaxassislari, ixtirochi-olimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida «Ilmiy va amaliy ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun zarur shart-sharoit yaratish asosida investitsiyalarni jalb etish» mavzusida o‘tgan matbuot anjumanida bir qancha ixtirolar qatori biosolvent preparatining ham taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

— Hozir O‘zbekiston sharoitida tuproqning 60 foizi sho‘rlangan bo‘lib, bu o‘z-o‘zidan madaniy ekinlar hosildorligining kamayishiga olib kelmoqda, — dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti kichik ilmiy xodimi Ilyos Xudoynazarov. — Bu holat tuproq tarkibini o‘rganishimizga sabab bo‘ldi. Tadqiqot avvalida barcha viloyatlardan keltirilgan sho‘r tuproqlarning tarkibini o‘rganib, chuqur tahlil qildik. Jarayonda tuproqlar ishqoriy muhitga ega bo‘lib, ularda xloridli va sulfatli sho‘rlanish mavjudligi aniqlandi. Navbatdagi vazifamiz tuproq sho‘rini yuvadigan vosita ishlab chiqishdan iborat edi. Shu maqsadda 2009-yildan izlanish olib bordik va 2012-yili biosolvent preparatini kashf etishga muvaffaq bo‘ldik. Keyingi bosqichda sho‘rlanishi yuqori bo‘lgan Sirdaryo, Jizzax, Buxoro, Xorazm viloyatlaridagi tumanlardan keltirilgan tuproqlar tarkibidagi tuzlarning yuvilish jarayoniga preparatning ta’siri laboratoriya sharoitida o‘rganildi. So‘ng dala amaliyotida sinovdan o‘tkazildi.

Preparat ixtirochilarining ta’kidlashicha, u tuproqdagi tuzni oddiy suvga nisbatan 2−3 barobar ko‘proq yuvadi. Tuproqning mexanik holatini yaxshilab, g‘ovaklik darajasini 2−3 martaga oshiradi. Preparat qo‘llanganida, tuproqni yuvishga ketadigan suv sarfi 1,5−2 barobar kamayadi. Bu, ayniqsa, suv tanqis hududlarda qo‘l keladi. Shuningdek, biosolvent preparati ozuqa moddalarining o‘simliklar tomon faol harakatlanishini ta’minlab, hosildorlikni 7 sentnerdan 10 sentnergacha oshiradi.

Preparat yordamida tuproqning sho‘rini yuvish jarayoni yiliga ikki marta — kuzgi shudgordan keyin va bahorgi ekish mavsumidan oldin amalga oshiriladi.