Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni O‘zbekiston va Rossiya harbiy havo kemalarining ikki davlat havo hududidan foydalanishi to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqdagi qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 18 fevralda qabul qilinib, Senat tomonidan 28 fevralda ma’qullangan edi.

Bitim ikki davlat mudofaa vazirlari tomonidan o‘tgan yilning 12 oktyabr kuni Toshkentda imzolangan. U harbiy yuklarni tashish va harbiy-transport samolyotlarining qo‘nishsiz parvozlarini amalga oshirish masalalarini tezkorlik bilan hal etishga imkon beradi.

Senator Valeriy Tyan avvalroq bitimning ratifikatsiya qilinishi harbiy-havo kemalarining tomonlar havo kengliklari orqali parvozlarini soddalashtirish, tomonlar havo kengliklaridan foydalanishga ruxsat taqdim etish masalalarida tezkorlikni oshirish, tomonlar havo kengliklari orqali parvozlarni amalga oshirish jarayonida harbiy-havo kemalarining asoslarsiz qo‘nish holatlari vujudga kelgan taqdirda valyuta mablag‘larini tejash imkonini berishini ma’lum qilgan edi.