Malayziya energetika milliy universiteti (Universiti Tenaga Nasional)ning bir guruh talabalari va professor-o‘qituvchilari qisqa muddatli stajirovka o‘tash uchun Toshkent moliya institutiga keldi. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Institut tomonidan ishlab chiqilgan «Study Tour» maxsus ta’lim turizmi dasturi bo‘yicha xorijiy talabalarga «Financial accounting», «Audit», «Monetary policy in Uzbekistan», «Uzbek language (Beginner level)» modullari orqali ta’lim xizmatlari eksporti yo‘lga qo‘yildi.

Dastur doirasida Toshkent shahridagi tarixiy qadamjolar va Toshkent viloyatining tog‘oldi hududlari, Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlariga sayohatlar tashkil etiladi.

Shuningdek, dastur bo‘yicha O‘zbekiston va Malayziya yoshlari o‘rtasida muloqot o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

«Study Tour» maxsus ta’lim turizmi dasturi bo‘yicha yil yakuniga qadar Janubiy Koreya, Malayziya, Rossiyadan talabalar tashrif buyurishi rejalashtirilgan.