«2018 yilda qo‘shimcha 2% kvotalar tufayli nogironlikning I va II guruhiga mansub bo‘lgan shaxslar O‘zbekistonda oliy ta’lim olish uchun o‘z imkoniyatlaridan foydalandilar. Bu oliy ta’limga nogironligi bor shaxslarni jalb etish bo‘yicha oldinga qo‘yilgan ilk katta qadam. Ijobiy diskriminatsiya va kvotalash chora-tadbirlari nogironligi bor shaxslar uchun oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish jarayonida qanchalik samara beradi va teng imkoniyatlarni yarata oladi?» Oldinroq CABAR.asia saytida nashr qilingan Dilmurod Yusupov maqolasini «Gazeta.uz» kichik o‘zgarishlar bilan nashr qilmoqda.

O‘zbekistonda oliy ta’lim hali ham kirish imtihonlarida qattiq raqobatga dosh bera oladigan tanlangan imtiyozli kamchilik qatlami uchun mavjud. Ushbu vaziyat oliy ta’lim muassasalarining soni kamligi va oliy ta’limga bo‘lgan yuqori talab sababli saqlanib qolmoqda, O‘zbekistonda 30 yoshgacha bo‘lgan aholi soni 60%ni tashkil etadi. O‘tgan yili O‘zbekistonning 60ta milliy universitetlari va ularning 19ta filiallari uchun hujjat qabul qilish haqida e’lon berildi. Shu bilan bir vaqtda hukumat 80,965 talaba kvotasini qabul qildi.

Bu yili bir talaba o‘rni uchun o‘rtacha 8 kishi raqobatlashgan, ba’zi viloyatlarda esa tanlov 1 joyga 20 kishidan ham ziyodroq bo‘lgan. Masalan, Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘tgan yili rekord natija qayd qilindi, bir o‘ringa 23,2ta da’vogar.

2017 yili 1 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Prezidentining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonida oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonida nogironligi bor shaxslar uchun imtiyozlar taqdim etilishi chora-tadbirlari ko‘zda tutilgan. Ya’ni davlat hammaga teng sharoitlar yaratilishi qoidasidan chetga chiqib pozitiv diskriminatsiya chorasini qo‘llamoqda, ya’ni nogironlik, irq, jins faktorlari bo‘yicha kamchilikni tashkil etuvchi qatlamga maxsus imtiyozlar taqdim etmoqda.

2018−2019 o‘quv yilidan boshlab I va II guruh nogironligi bor shaxslarga abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining ikki foizli qo‘shimcha kvotasi kiritildi. Kirish imtihonlarida nogironligi bor abituriyentlar uchun o‘tish ballari 56,7 ballgacha (maksimal ballning 30 foizi — 189 ball) kamaytirildi va tegishli ballni qo‘lga kiritganlar davlat grantlari asosida byudjet joylariga o‘qishga qabul qilindilar.

Berilgan imtiyozlarga qaramay, faqatgina 996 nafar nogironligi bor abituriyent qo‘shimcha kvotalarga o‘tishga muvaffaq bo‘lishdi, bu 2018 yildagi tasdiqlangan umumiy qabul kvotasining 1,4 foizini tashkil etadi. Kirish imtihonlariga kiritilgan nogironligi bor shaxslarning umumiy soni bo‘yicha ma’lumotlar yetishmasligi tufayli kvota bo‘yicha ajratilgan joylar nogironligi bor abituriyentlar soni kamligi sababli to‘liq to‘lmagan deb taxmin qilish mumkin.

Ehtimol, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishni istaganlar ko‘pchilikni tashkil etadi, ammo ularning hammasi ham kirish imtihonlarida kerakli ballar sonini to‘play olmaganlar, bu ularning imtihonlarga tayyorlanish darajalari past ekanligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Nogironligi bor shaxslarni oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish tartibiga ko‘ra, o‘rta ta’lim (11-sinf asosida), akademik litsey yoki kasb-hunar kollejini bitirganlik haqidagi hujjatga ega bo‘lish yetarli. Amalda esa, shahodatnoma yoki diplom mavjudligi har doim ham yuqori darajadagi bilim va o‘rta ta’lim sifatini kafolatlamaydi.

Hamma uchun teng huquqlar?

Shubhasiz, kuchli raqobat sharoitida, nogironligi bor shaxslarga 2% miqdorda kvotalar, oliy ta’lim olish jarayonida tengsizlikni bartaraf etish maqsadida kiritilgan. Biroq, nogironlik oliy ta’limga qabul jarayonida ijobiy diskriminatsiya uchun asos bo‘lib xizmat qila oladimi? Nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun o‘tish balining sezilarli darajada pasaytirilgani, ularning bevosita tayyorgarligi sust ekanligini anglatadi, bu esa ularning qolgan abituriyentlar bilan teng ravishda raqobatlashishiga to‘sqinlik qiladi. Boshqacha qilib aytganda, bunday imtiyozlar inson tanasining nuqsonlari uning aqliy qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga ishora qiladi. Aslida esa, jismoniy nogironlik, eshitish va ko‘rish qobiliyatining cheklanishi yoki aqliy zaiflik, sifatli o‘rta ta’lim olish va oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun zarur tayyorgarlikni ta’minlash uchun to‘siq bo‘la olmaydi.

Muammo — nogironligi bor bolalarni rivojlanishning dastlabki bosqichlarida ta’lim olishga teng imkoniyatlar yaratilmaganligida. Ularning aksariyatida nogironlikning yengil shakllari namoyon bo‘lsada, ular maxsus ta’lim muassasalari va kollejlarda o‘qishga majbur bo‘lishmoqda. Maxsus ta’lim muassasalarda esa ta’lim sifati kutilgandek yuqori emas.

Jismoniy to‘siqlar va o‘rta ta’lim maktablarda nogironligi bor bolalar uchun oqilona qulayliklar mavjud bo‘lmaganligi tufayli ular odatda uyda ta’lim olishga majbur bo‘lishadi, bunday ta’lim esa oliy ta’lim muassasalari umumiy talablariga javob bermaydi. O‘zbekistonda nogironligi bor bolalarning umumiy ta’lim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyatlarini ta’minlovchi inklyuziv ta’lim hali rivojlanishning dastlabki bosqichida.

Natijada, inklyuziv o‘rta ta’limning yetarlicha rivojlanmaganligi sababli nogironligi bor bo‘lgan abituriyentlarning har xil darajadagi boshlang‘ich sharoitlari sababi inklyuziv oliy ta’lim haqida bir narsa deyish qiyin. Ta’limning boshlang‘ich darajasida inklyuziv yondashuv yo‘lga qo‘yilmagunicha, past kirish ballari shaklidagi imtiyozlar yuzaki chora bo‘lib qolaveradi.

Kirish imtihonlarida nogironligi bor shaxslar uchun maxsus imtiyozlar joriy etilishi tibbiy mehnat ekspert komissiyalari tomonidan (TMEK) nogironlik holatini tekshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar shakllanishida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. I yoki II guruh nogironligini olish yanada qiyinlashish ehtimoli bor, chunki endilikda ushbu maqom universitetda byudjet asosida o‘qish huquqini beradi. Yana bir savol tug‘iladi, nega III guruh nogironligi bor shaxslar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlarida, ularga bu kabi imtiyoz berilmaydi?

Albatta, bu bilan nogironligi bor shaxslar uchun davlat byudjet mablag‘lari asosida grant o‘rinlar kvotalariga bo‘lgan ehtiyojni inkor etib bo‘lmaydi. Cheklangan moliyaviy mablag‘ tufayli nogironligi bor shaxslar va ularning ota-onalari oliy ta’lim muassasalaridagi shartnoma xarajatlarini to‘lashga qodir emaslar. Masalan, tug‘ilishdan boshlab nogironlik bo‘yicha ijtimoiy nafaqa oyiga 396,5 ming so‘m (50$dan kam). Universitetda beriladigan stipendiyani hisobga olsak ham, jami mablag‘ faqat yashash uchun yetarli bo‘ladi,shartnoma asosida kontrakt to‘lovi bu sharoitda juda og‘ir yuk bo‘lar edi. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish transport, oziq-ovqat mahsulotlari, o‘quv buyumlari uchun chiqimlar va ko‘plab boshqa xarajatlar ham mavjud.

Universitetda nogironligi bor shaxslar uchun kerakli sharoit mavjud emas

2018 yil 2 iyunda qabul qilingan nogironligi bor shaxslarni oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish tartibi bo‘yicha o‘z qoshida oliy ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralarga, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy ta’lim muassasalariga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda «nogironligi bor shaxslar ta’lim oladigan va ular uchun kirish imtihonlari o‘tkaziladigan sinflar va binolarda zarur shart-sharoitlar yaratish uchun choralar ko‘rish» zarur edi.

2011 yilda BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (Hozirda — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi) bilan birgalikda Toshkent shahridagi bino va inshootlarni nogironligi bor shaxslar uchun qanchalik qulayligi to‘g‘risida qo‘llanma ishlab chiqdi. Qo‘llanma shahardagi 300dan ortiq bino va inshootlarning, shu jumladan, oliy ta’lim muassasalarning ham qulay sharoit yaratish bo‘yicha imkoniyatlarini namoyish etadi. Qo‘llanmada ostonasiz kirish, zinapoyalar, panduslar, liftlar, nogironligi bor shaxslar uchun maxsus jamoat xojatxonalari, shuningdek, eshiklar kengligi va boshqa qulayliklar mavjudligi hisobga olingan.

Qo‘llanmada 21 oliy o‘quv ta’lim muassasasi o‘rganilgan, ulardan uchtasi chet el oliy o‘quv yurtlari filiali, ikkita milliy tibbiyot akademiyasi va Toshkent islom universiteti to‘liq talabga javob berishi ko‘rsatilgan. Paradoks shundan iboratki, chet el oliy o‘quv yurtlari filiallari o‘zlarining ta’lim binolarida qulay sharoitlar bilan ajralib tursa ham, nogironligi bor shaxslar 2% kvota orqali ushbu muassasalarda tahsil ololmaydilar. O‘zbekistondagi chet el oliy o‘quv yurtlari filiallari abituriyentlar orasida o‘z tanlovlarini o‘tkazib kelishadi.

Aytish mumkinki, sakkiz yildan keyin ham oliy o‘quv yurtlaridagi nogironligi bor shaxslar uchun yaratilgan qulay sharoitlar sezilarli darajada yaxshi tomonga o‘zgargani yo‘q. Shu bilan birga, «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun barcha davlat muassasa va tashkilotlarini nogironligi bor bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilmaga, transport, aloqa vositalari va axborotdan foydalanishga teng imkoniyatlarni ta’minlashga majbur qiladi. Ushbu talablar bajarilmagan holatlarda, qonunda ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Ko‘plab oliy ta’lim muassasalarning bino va inshootlarida nogironligi bor shaxslar uchun zarur bo‘lgan qulay sharoitlar yo‘qligi tufayli, o‘tgan yili qo‘shimcha kvota orqali oliy o‘quv yurtiga kirgan jismoniy nogironligi bor talabalar ko‘plab to‘siqlarga duch kelishdi va bu vaziyat, ular boshqa talabalar bilan teng ravishda ta’lim jarayonida qatnashishlariga to‘sqinlik qilmoqda. Ko‘pgina o‘quv binolarida liftlar o‘rnatilmagan yoki umuman ishlamaydi, talabalar dars jadvaliga ko‘ra ko‘pincha har xil qavatlarda darslarda qatnashishadi. Zinalar balandligi, panduslar yo‘qligi tufayli nogironlik aravachasidan foydalanuvchi talabalar uchun oliy o‘quv muassasasi binolarining asosiy kirishlaridan foydalanish imkoniyati mavjud emas.

Yuqorida keltirilgan vaziyatdan kelib chiqib oliy o‘quv yurtlari rahbariyati nogironligi bor talabalar uchun alohida guruhlar tashkil etishni taklif qiladi, masalan, yotoqxonalarning birinchi qavatlaridagi xonalarni o‘qish uchun moslashtiradi. Natijada, jismoniy nogironligi bor talabalar asosiy o‘quv binosida barcha talabalar bilan emas, balki yotoqxonada ham yashashga, ham o‘qishga majbur bo‘lishmoqda. Bundan tashqari, rahbariyat taklifiga rozi bo‘lmagan va hamma bilan birga o‘qish huquqini himoya qilgan talabalar ham bor, ularning jismoniy nogironligi biroz yengil shaklda bo‘lsada, masalan, qo‘ltiqtayoqdan foydalanadigan yoki serebral paralichi bor talabalar. Ammo jismoniy nogironlikning yanada jiddiy shakliga ega bo‘lgan talabalar universitet binolari ularning ehtiyojlari uchun yaroqsizligi sababli o‘z salomatliklari xavfsizligini hisobga olgan holda rahbariyat taklifiga rozi bo‘lmaslikdan boshqa ilojlari yo‘q. Shuni ta’kidlash kerakki, ko‘pchilik hollarda oliy o‘quv yurtlar rahbariyati liftlarni ta’mirlashni, panduslarni o‘rnatishni rad etishmoqda yoki ortga surishmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, oliy o‘quv yurtlari nogironligi bor talabalarga qo‘shimcha kvotalar va imtiyozlar beradi, lekin ular oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilinganlaridan so‘ng, nogironlik asosida asosiy akademik binolarga to‘siqsiz kirishni ta’minlamasdan alohida ta’lim bermoqdalar. Bu nafaqat inklyuziv ta’lim emas, balki talabalarni nogironlik asosida ajratishga kiradi. Oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud to‘siqlar turli xil nogironligi bo‘lgan talabalarni kamsitilishiga olib keladi. Barcha sa’y-harakatlar, birinchi navbatda, nogironligi bor talabalarning ayrim guruhlari uchun maxsus sharoitlarni yaratishga emas, balki asosiy binolar va inshootlarga to‘siqsiz kirishni ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi zarur.

Oqilona qulayliklar yo‘qligi

BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq, nogironligi bor shaxslar uchun oqilona qulayliklarni ta’minlamaslik nogironlik asosida kamsitishning bir shakli hisoblanadi. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish jarayonida nogironligi bor talabalarni oqilona qulayliklar bilan ta’minlash alohida ahamiyatga ega.

Ko‘rish qobiliyati cheklangan talabalar uchun oqilona qulaylik — ularning shaxsiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda, Brayl shriftida taktil sezish uchun moslashtirilgan darsliklar hisoblanadi. Masalan, ko‘rish qobiliyati cheklangan talabalar matematika formulalarini, doskada chizilgan grafiklarni, chizmalarni faqatgina eshitish orqali to‘liq qabul qila olmaydilar, bu narsalarni so‘zlar orqali tushuntirish qiyin. Buning uchun olti nuqtalik Brayl shriftida nashr etilgan maxsus darsliklar mavjud. Afsuski, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarning kutubxonalarida bunday maxsus qo‘llanmalarni topish juda qiyin. Bu holat O‘zbekistonda ko‘zi ojiz insonlar uchun yagona bosmaxonasini davlat tomonidan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmaganligidan dalolat beradi.

Eshitish qobiliyati cheklangan talaba uchun seminarlar va ma’ruzalar vaqtida imo-ishora tilida tarjima bilan ta’minlash ular uchun oqilona qulaylikni yaratadi. Bu yerda muammo shundaki, surdo tarjimasiz, kar va zaif eshituvchi talabalar o‘quv materiallarni o‘rganishda, shuningdek, talabalar va o‘qituvchilar bilan muloqotda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Shunday qilib, o‘quv rejasi murakkablashsa, sensor nuqsonli talabalar boshqa talabalarga nisbatan orqada qoladilar va bu ularning o‘zlashtirish va ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir qiladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, oliy o‘quv yurtidagi ta’lim jarayonida ishlatiladigan professional surdo tarjima va kundalik jarayonida ishlatiladigan imo-ishora tili o‘rtasida katta farq bor. Masalan, chiziqli algebra bo‘yicha ma’ruzani tarjima qilish uchun surdo tarjimon nafaqat tegishli bilimlar bazasiga ega bo‘lishi kerak, balki imo-ishora tilida kasbga oid terminlar yoki ta’riflarni qanday yetkazish kerakligini oldindan bilishi lozim. Yana bir muammo — imo-ishora tilni yaxshi biladigan tarjimonlar va surdopedagoglarni munosib ish haqi bilan ta’minlash. Oliy ta’lim muassasalarida surdo tarjimani tashkil qilish uchun sarflanadigan xarajatlarni o‘z zimmasiga kim olishi kerak — eshitish qobiliyati cheklangan talabami, oliy ta’lim muassasasimi yoki davlatmi?

Bundan tashqari, zaif eshituvchi va koxlear implantlardan foydalanadigan talabalar uchun auditoriyalarni induksion ilgak (induction/hearing loop) — induksiya katushkasi rejimida ishlaydigan quloq eshitish apparatlariga uzatish antennasi bilan jihozlash zarur. Oddiy so‘z bilan aytganda, ushbu qurilma ovozli signallarni elektromagnit signaliga aylantirib quloq eshitish apparatiga shovqinsiz yetkazib beradi agarda eshitish apparatida «telekatushka» rejimi yoki «T» (T setting) yoqilgan bo‘lsa. Bunday imkoniyat quloq eshitish apparatlarining deyarli hammasida mavjud. Biroq, ko‘p hollarda, hatto eshitish qobiliyati cheklangan kishilar ham, ko‘plab davlat muassasalarida induksion ilgak yo‘qligi tufayli, eshitish apparatlarining bunday foydali funksiyasi haqida yaxshi bilishmaydi.

1 rasm. Xona induksion ilgak bilan jihozlanganligini ko‘rsatuvchi xalqaro belgi va bu xonada eshitish qurilmasida «T» rejimidan foydalanish mumkin.

Oliy ta’lim muassasalarining bino va inshootlarida sharoit yo‘qligi, shuningdek, oqilona qulayliklarning yetishmasligi nogironligi bor talabalarning o‘quv jarayonidagi o‘zlashtirishi va ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ixtisoslashtirilgan moslamalar, surdo tarjima va boshqa moslashtirishlar o‘quv jarayonida sensor nogironligi bor talabalarni ilm olishlariga ko‘maklashish uchun o‘ta zarur. Bunday moslamalarsiz, seminarlar va ma’ruzalar o‘tkazish talabalarning bilimlarini va ko‘nikmalarini yuzakilashtiradi, bu esa ularning keyingi ishga joylashish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Cheklangan moliyaviy yordam

Nogironligi bor talabalar uchun oliy o‘quv yurtida o‘qish qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi. Masalan, jamoat transporti vositalarida sharoit yo‘qligi sababli, nogironlar aravachalardan foydalanuvchi shaxslar tez-tez taksiga katta miqdorda mablag‘ sarflashlari yoki Toshkentning sharoiti yo‘q ko‘chalarida hamrohlik qilish uchun shaxsiy yordamchilarni jalb qilishlari kerak. Ko‘zi ojiz yoki ko‘rish qobiliyati cheklangan talabalar kompyuterdan foydalanish imkonini beruvchi qimmatbaho ixtisoslashtirilgan uskunalar, Brayl displeylari va tegishli dasturiy ta’minot sotib olishlari kerak.

2 rasm. Brayl displeyi matnli ma’lumotni olti nuqtalik Brayl belgilar shaklida ko‘rsatish moslamasi.

Ko‘rish qobiliyati cheklangan talabalar uchun universitetning maydoni va binosi Brayl alifbosida ishlangan ishoralar bilan jihozlangan bo‘lmasa, talabalar shaxsiy yordamchi xizmatlariga muhtoj bo‘lishadi. Agar universitet yoki davlat tomonidan imo-ishora tili tarjimoni ijtimoiy xizmati ta’minlanmasa eshitish qobiliyati cheklangan talabalar o‘zlari maxsus surdo tarjimonlarni ishga olishlari kerak bo‘ladi.

Misol uchun, Buyuk Britaniyadagi universitetlarda oliy o‘quv yurtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun maxsus nogironlik bo‘yicha talabalar uchun nafaqa (DSA — disability student allowance) beriladi. Nogironligi bor talabalardan tashqari, uzoq muddatli jismoniy va ruhiy muammolari bo‘lgan talabalar, masalan, autizm, disleksiya, dispraksiya (harakatlanish cheklovlari), Giperfaollik vaqtida diqqat yetishmasligi sindromi kabi o‘qishda qiyinchiliklarga sabab bo‘ladigan boshqa holatlardagi talabalar ushbu nafaqani olishlari mumkin. Ushbu nafaqa miqdori oilaning daromadiga emas, balki talabaning shaxsiy ehtiyojlariga bog‘liq. Ushbu nafaqani maxsus uskunalar sotib olish, shaxsiy yordamchilarni yollash, transport xarajatlari va boshqa xarajatlarga sarflash mumkin.

Buyuk Britaniyadagi nogironligi bor talabalar universitetlarni tanlashda birinchi navbatda universitet rasmiy veb-saytlarini o‘rganadilar, bu veb-saytlarda universitetning nogironligi bor shaxslar uchun yaratilgan qulayliklari, talablarni shaxsiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda kirish imtihonlarini o‘tkazish imkoniyati mavjudligi, shuningdek, universitet ichida ijtimoiy yordam olish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishadi (kerakli uskunalar, moliyaviy va psixologik yordam). Toshkentdagi ko‘plab universitetlarning veb-saytlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, oliy ta’lim muassasalarining saytlari ko‘rish qobiliyati cheklangan insonlar uchun saytning versiyasi maxsus xususiyatlarga ega bo‘lsa ham, nogironligi bor talabalar uchun oliy o‘quv yurtidagi yaratilgan sharoitlar mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Oliy ta’lim muassasalarini nogironligi bor shaxslarga qanday qilib moslashtirish mumkin?

Davlat tomonidan nogironligi bor shaxslarga nisbatan ikki foizli kvota joriy etilishi — ushbu toifadagi odamlar uchun oliy ta’limdan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan birinchi qadamdir. Bularning barchasini inobatga olgan holda, shuni aytish mumkinki, kirish imtihonlarida nogironligi bor insonlarga nisbatan qo‘llanilayotgan ijobiy diskriminatsiya sifatida bunday «yon bosishlar» ularning bilimlari darajasi past ekanligi sababli samarasiz yuzaki chora bo‘lib qolaveradi. Kvotaga kirish uchun eng past o‘tish balini yig‘a olgan, cheklangan sondagi nogironligi bor talabalar foydalana olishganidan ham xulosa qilish mumkin. Holatni yaxshilash uchun, albatta, boshlang‘ich va o‘rta ta’lim darajasida nogironligi bor o‘quvchilarning bilim darajasini va tayyorgarligini oshirish, umumta’lim maktablari, kollej va litseylarni inklyuziv ta’limini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish talab etiladi.

Nogironligi bor shaxslar uchun 2% kvota va imtiyozlar oliy ma’lumot olish imkoniyatini ta’minlash uchun yetarli emas. Nogironligi bor talabalarni oliy o‘quv yurtidagi ta’lim jarayoniga to‘liq jalb qilish uchun yanada ko‘proq ishlarni amalga oshirish kerak. Oliy ta’lim yurtida nafaqat bilim olish, balki hayot va jamiyatga qo‘shilish ko‘nikmalariga ega bo‘lish muhim va universitetlar boshqa talabalar bilan birga nogironligi bor talabalarning to‘liq va teng ishtirokini ta’minlashi kerak. Bu maqsadda, ular uchun ko‘maklashuv xizmatlarini yaratish, universal dizaynni hisobga olgan holda asosiy o‘quv binolarini va yotoqxonalarni loyihalashtirish va moslashtirish zarur. Shu bilan birga, bunday sharoitlarni yaratish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy resurslar oliy o‘quv yurti byudjeti uchun juda katta keraksiz xarajat yoki og‘ir yuk deb hisoblanishi noto‘g‘ri.

Yangi o‘quv yilidan boshlab, nogironligi bor talabalarning yanada ko‘proq soni oliy o‘quv yurtlariga qo‘shimcha kvotalar orqali o‘qishga kiradi. Biroq, oliy o‘quv muassasalari hududlari va binolarini nogironligi bor talabalar uchun moslashtirilmaganligini, shuningdek, zarur uskunalarning mavjud emasligini hisobga olsak, ushbu sharoitda, autizm, disleksiya va nogironlikning boshqa shakllari bor bo‘lgan talabalar, shu jumladan, jismoniy va sensor nuqsonli talabalar uchun o‘quv jarayoni qanday tashkil etilishini tushunish juda qiyin. Agar asosiy o‘quv binolaridagi yetishmovchiliklar tufayli nogironligi bor talabalarning alohida guruhlari tashkil qilinsa va ular uchun faqatgina ba’zi binolar moslashtirilsa, bunday oliy ta’limni inklyuziv yondashuvli oliy ta’lim deb bo‘lmaydi.

Shuni ta’kidlash joizki, «nogironlik» holatlari faqatgina eshitish qobiliyati cheklangan talabalar seminarlarda hech narsani tushunmay o‘tirishga majbur bo‘lganida, o‘qituvchi va uning kursdoshlari nima haqida gaplashayotganini tushunmaganida, nogironlik aravachasidan foydalanuvchi talaba asosiy o‘quv binosiga kira olmaganida, ko‘rish qobiliyati cheklangan talaba o‘qituvchi doskada qanday formulalarni yozayotganini ko‘ra olmaganida paydo bo‘ladi. Bizning e’tiborimiz ushbu to‘siqlarni bartaraf qilishga yo‘naltirilishi shart. Bu to‘siqlar talabalarning individual xususiyatlari sababli paydo bo‘lgan «muammo» deb qarash kerak emas. Aynan diskriminatsion munosabat va ajratish nogironligi bor talabalar uchun oliy ta’lim olishda asosiy to‘siqlardan biri deb hisoblanadi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazari bilan mos kelmasligi mumkin

Dilmurod Yusupov, Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Rivojlanish muammolarini o‘rganish instituti doktoranti, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi.