Humo Arena muz saroyining ochilishi marosimi 15-mart kuni 19:00 da Toshkentda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tadi, deya xabar qildi majmua matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga. Taklif qilingan mehmonlar orasida hukumat va parlament a’zolari hamda O‘zbekiston sportchilari ham bor.

Ochilishga bag‘ishlangan shouda san’atkorlar, raqs guruhlari, akrobatlar va havo gimnastlari, figurachilar, xokkeychilar va boshqa sport turlari vakillarining chiqishlari kutilmoqda.

Asosiy bayram sahnasi olimpiya maydonchasida ham namoyish etiladi. Bu yerda bokschilar, kurashchilar, taekvondochilar, futbolchilar, qilichbozlar va figurachilar, shuningdek, Toshkent xokkey maktabi tarbiyalanuvchilari ham o‘z mahoratlarini ko‘rsatadi.

Majmua qurilishi 2017-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan edi. Majmua 9 gektarlik maydonda barpo etilgan bo‘lib, ko‘p tarmoqli muz saroyi (12,5 ming o‘rin), kichik mashg‘ulotlar arenalari (200 o‘rin), sport muzeyi, mashg‘ulot zallari, fitnes markazlar, restoran va sport do‘konlari va avtoturargohlarni o‘z ichiga oladi.

Asosiy va kichik yaxmalaklar (katoklar) olimpiya standartlari (60×30 m) asosida Kontinental va Milliy xokkey ligalari standartlariga (60×28 va 60×26) moslasha oladi.

Asosiy arenadan xokkey uchrashuvlari uchun foydalaniladi. O‘rindiqlar sport tadbirlariga qarab joylashtiriladi — asosiy arenada basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo, short-trek, figurali uchish va kyorling kabi sport musobaqalari, konsert tomoshalarini o‘tkazish mumkin. Konsert zali formatida 10 ming tomoshabinni sig‘dirish imkoniyati mavjud.

Kichik arenada xokkey mashg‘ulotlarini o‘tkazish va xohlovchilar uchun ommaviy konkida uchishlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Uning bazasida sport jamoalarini tuzish hamda sport liboslari va inventarlarini ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan.