Toshkent IIBB jonivorlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va hayvonlarni urishtirish uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflarni tayyorlamoqda. Bu haqda boshqarma saytida xabar qilindi.

Internetda O‘zbekiston hududida itlar jangi tashkil etilgani to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar e’lon qilinmoqda, deya qayd etadi IIBB matbuot xizmati. Jumladan, o‘tgan hafta «IIBB: aholi bilan muloqot (Toshkent)» Facebook-guruhida Sergeli tumanida itlar jangi to‘g‘risidagi post e’lon qilindi.

«IIBB zudlik bilan mazkur xabarga munosabat bildirdi. „Ko‘rgazma“ sifatida e’lon qilingan tadbir tashkilotlariga nisbatan chora ko‘rildi: hodisa joyiga Sergeli tuman IIB va Milliy gvardiya xodimlari yetib borib, janglar to‘xtatildi. Ma’muriy sud „O‘zbek bo‘ribosarlari“ jamiyati rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2001-moddasida („Ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish“) ko‘zda tutilgan qoidabuzarlikda aybdor deb topdi, unga nisbatan jarima jazosi belgilandi», — deyiladi xabarda.

IIBB, jumladan boshqa davlatlar tajribasini o‘rgangan holda bu kabi janglarni aniqlash va ularga barham bo‘yicha ishlarni boshladi. AQSH qonunchiligida itlar jangini o‘tkazish taqiqlanadi va ularni uyushtirganlar qat’iy jazolanadi. Buyuk Britaniyada shafqatsiz munosabatda bo‘lish 51 haftagacha muddatga ozodlikdan mahrum etish va 20 ming funtga miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi, deya misol keltiradi boshqarma.

Milliy qonunchilikda hayvonlar jangini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlovchi moddalar yo‘q. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi («Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish») hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishini ko‘zda tutadi.