1 mart kuni poytaxtning 8-avtobus saroyiga qarashli 51-avtobus haydovchisi va chiptachisining yo‘l haqini to‘lamagan keksa ayol bilan tortishgani tasvirlangan videoyozuv tarqaldi. Haydovchi yo‘lovchi avtobusni tark etmaguncha harakatni davom ettirishdan bosh tortdi, chiptachi esa boshqa yo‘lovchi taklif qilgan pulni olmasdan, ayol bir necha marta yo‘l haqini to‘lamaganini ma’lum qildi.

«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi raisi Mohir Valiyev «Gazeta.uz"ga intervyuda ushbu vaziyatdan haydovchi va chiptachining to‘liq aybdor ekani, biroq huquqiy nuqtai nazardan ularning haq ekanini ma’lum qildi.

«Bu vaziyatdan haydovchi va chiptachi qo‘pol muomalasi uchun to‘liq aybdor, ularga hayfsan e’lon qilindi. Biroq huquqiy nuqtai nazardan ular to‘g‘ri harakat qilishdi… [Shunday bo‘lishiga] qaramasdan, haydovchi va chiptachi sokinlik bilan yo‘lovchiga qoidalarni tushuntirishi kerak edi», — dedi u.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasiga ko‘ra, shahar va shahar atrofida qatnovchi avtobusda chiptasiz yurgan yo‘lovchi eng kam ish haqining o‘ndan bir barobari miqdorida (hozirgi vaqtda — 20,3 ming so‘m) jarimaga tortiladi.

«„Toshshahartransxizmat“ jarimaga tortish vakolatiga ega emas, bu ish bilan Transport vazirligi shahar hududiy boshqarmasi shug‘ullanadi (avval — „O‘zavtotrans“). Bugungi kunga qadar biror marta ham jarimaga tortish holatlari sodir bo‘lmagan», — dedi Mohir Valiyev.

U boshqa davlatlardan misollar keltirdi: chiptasiz jamoat transportida yurganlar Germaniyada — 60 yevro, Fransiyada — 100−170 yevro, Italiya, Polsha, Chexiyada — 100 yevro miqdorida jarimaga tortiladi.

«Jarimaga tortish mexanizmining yetarli darajada ish bermasligini tan olish kerak. Ijtimoiy himoya va odamlarning moddiy ahvoli masalalarini hisobga olish lozim. Ko‘pchilik holatlarda biz qonun va qoidalar bir tomonda qolishiga ko‘nikkanmiz. Bu qancha davom etishi mumkin? Qachon biz huquqiy davlat va jamiyat quramiz? Biz professional bo‘lish, haydovchilar va chiptachilar madaniyatini oshirish ustida ishlayapmiz. Biroq yo‘lovchilar madaniyati masalasi nima bo‘ladi?» — dedi u.

«Toshshahartransxizmat» tizimida 32 yildan buyon ishlab kelayotgan haydovchi Aleksandr Sayan keksa ayol birinchi marta yo‘l kirani to‘lashdan bosh tortmayotganini aytdi.

«Agar u haydovchi yoki chiptachining oldiga kelib puli yo‘qligini aytsa, biz so‘zsiz uni o‘tkazib yuborishimiz mumkin edi… Biz bungacha uni tushirib yuborishga harakat qildik. U yerda odamlar ham unga nohaqligini, jamoat transportida bunday qilmaslik kerakligini aytishni boshladi. Bizda faqat metro bepul (muayyan vaqtlarda — tahr.)», — dedi u.