Bosh prokuratura matbuot xizmati Toshkentdagi Yunusobod tumani 11-mavze Yangishahar ko‘chasida joylashgan «TET-a-TET» nomli tungi klubida yuz bergan pichoqbozlik yuzasidan bayonot berdi.

2019 yil 24 fevral kuni soat 23:30 larda Sh.Q., Z.A., D.X. va U.A. Yunusobod tumani 11-mavze Yangishahar ko‘chasida joylashgan «TET-a-TET» nomli tungi klubga kelib, M.T. va A.T., Sh. K. va F.Yu.lar D.A. bilan o‘zaro og‘zaki kelishmovchilik sabab, M.T. va D.A. ushbu tungi klubdan chiqish eshigi oldidagi yo‘lakka chiqishib, bir-birlarini ura boshlaydi.

Klub kirish eshigi oldida bo‘lgan va ushbu holatni ko‘rgan D.A.ning tanishi J.T. ushbu kelishmovchilikka aralashganligi va M.T.ni qo‘llari bilan urganidan so‘ng uning tanishi A.T. xam ushbu janjalga aralashib, yuqoridagi shaxslar bilan mushtlashib urishganligi natijasida, D.A.ning kuchi yetmaganligi sababli, shimining cho‘ntagida bo‘lgan yog‘och dastali kichik oshxona pichog‘i bilan dastlab, M.M.Turg‘unovning ort tomonidan chap kurak qismiga urib tan jarohati yetkazib, N.N.ning chap ko‘krak sohasini shu pichoq bilan kesib yuborib, so‘ng A.T.ning qorin sohasiga pichoq bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan 25.02.2019 yilda Yunusobod tumani IIB FMB huzuridagi TB tomonidan D.A. va J.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi «ye,k» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha 26.02.2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi «ye,k» bandi bilan D.A. va J.T.ga ayb e’lon qilinib, shu kunda qamoqqa olish ehtiyot chorasi tayinlangan.

Hozirda jinoyati ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

«Umumiy hisobda 13 nafar bola bo‘lgan. Janjalda qatnashganlarning 5 nafari JIDU talabasi bo‘lib, ularning 3 nafari pichoqdan zarar ko‘rgan. Ayblanuvchilarning ikki nafari hech qayerda ishlamaydi, bir nafari muqaddam sudlangan. Jarohatlangan talabalarning ikki nafarining holati o‘rtacha baholanmoqda», — deyiladi «Gazeta.uz"ga Bosh prokuraturadan berilgan xabarda.