Adliya vazirligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tahlil qilish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda hukumatga kiritildi. Bu haqda vazirlikning matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Mehnat kodeksining 214-moddasida, ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chog‘ida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilishi shart bo‘lgan xodimlar ro‘yxati ko‘rsatilgan hamda tibbiy ko‘riklardan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lmasligi belgilangan.

Tahlillarga ko‘ra, qonunchilikda tibbiy ko‘riklar qaysi mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilmaganligi oqibatida, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarining bevosita bolalarga ta’lim va tarbiya berish bilan mashg‘ul bo‘lgan pedagog va boshqa xodimlari o‘zlarining shaxsiy mablag‘lari hisobidan sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Loyihada ijtimoiy himoyaga muxtoj fuqarolarni hamda umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarining bevosita bolalarga ta’lim va tarbiya berish bilan mashg‘ul bo‘lgan pedagog va boshqa xodimlarini ish beruvchining byudjet mablag‘lari hisobidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi tartibi nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarni, ishchi, xizmatchilar, shuningdek xodimlarni davlat tomonidan ijtimoiy himoya qilinishi ta’minlanadi.