2019 yil 17 fevral kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi X.T. (ismli ayol) IIBga murojaat qilib, aldangani yuzasidan ariza berdi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

«Apple New» reklama sayti orqali o‘zini Qozog‘iston fuqarosi «Jaden Guldana» deb tanishtirgan shaxs telegram orqali u bilan gaplashib, X.T. 2 dona «iPhone XS» mobil telefoni sotib olsa, unga yana 1 dona mobil telefoni qo‘shib berishini aytib ishontirgan.

2018 yil 26 dekabr kuni X.T. Qo‘qon shahridagi bankning halqaro elektron pul o‘tkazmasi orqali J.Guldanaga 1200 AQSH dollarini o‘tkazgan, lekin shu kunga qadar mobil telefonini ham pullarini ham qaytarib ololmagan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etgan noma’lum shaxsni aniqlash va ushlash choralari ko‘rilgan.

O‘z navbatida IIV O‘zbekiston fuqarolariga chet el mamlakatlaridagi notanish insonlar internet tarmog‘i orqali savdo-sotiqni amalga oshirishni taklif etayotgan bo‘lsa, hushyor bo‘lish va aldanib qolmaslikni tavsiya qilgan.