Mudofaa vazirligi tog‘ tayyorgarligi o‘quv mashqlari markazida navbatdagi 45 kunlik o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazildi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Yig‘inning 70−80 foizi amaliy mashg‘ulotlardan iborat bo‘lib, o‘ta murakkab mashqlar real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan holda olib borildi. Ob-havo injiqliklari Ugom-Chotqol tog‘ tizmasida o‘tkazilgan amaliy mashqlarga yana ham noqulay holatlarni keltirdi. Kunduzi harorat 4−6 daraja sovuq, tungi paytlarda esa 20 gradusgacha pasaydi.

«Ana shunday ob-havo sharoiti, buning ustiga tizzadan oshadigan qorda harakatlanish harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligini tekshirish uchun jiddiy sinovga aylandi», — deyiladi xabarda.

Mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar chang‘i va otish tayyorgarligi, tog‘li hududda daryo, jarlik, qoyalar va shu kabi to‘siqlardan oshib o‘tishda bir qator usul va uslublardan foydalanishdi. Yig‘in davomida ular tabiiy tog‘ to‘siqlaridan o‘tish mashqini bajardi.

Dengiz sathidan 2500−3000 metr balandlikdagi tog‘ cho‘qqilarida shartli qurollangan jangarilar guruhini aniqlash va yo‘q qilish mavzusida taktik o‘quvlari o‘tkazildi.

Foto




Video