2019 yilning 1 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining Vladivostok shahridagi (Rossiya) bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir chog‘ida diplomatik vakolatxona joylashgan bino oldida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasining bosh konsulxonasi manzili: 690003, Vladivostok shahri, Verxneportovaya ko‘chasi, 46-uy, telefon raqami +7−423−260−48−00. Ish vaqti: dushanba, chorshanba, juma kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha.

Marosimda Primore o‘lkasi vitse-gubernatori Konstantin Bogdanenko ishtirok etdi. U bilan savdo-iqtisodiy, turizm va boshqa sohalarda Ozbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarida muzokaralar o‘tkazildi.

Shu kunning o‘zida Primore o‘lkasi ma’muriyati binosida bosh konsulxonaning rasmiy ochilish tadbirlarida ishtirok etgan ishbilarmon doiralar va sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ularga mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va turistik salohiyati haqida ma’lumot berildi.