25 fevral kuni Surxondaryo viloyati Termiz tumani hokimiyati binosi yaqinida o‘ziga o‘t qo‘ygan erkak savdo peshtaxtasi buzilgani va hokimiyatdan o‘rniga yer maydoni ajratilmagani uchun bu ishga qo‘l urganini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Bosh prokuraturadan ma’lum qilinishicha, B.Ening o‘zi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan va yer uchastkasi olish uchun hokimiyatga murojaat qilmagan. Biroq uning turmush o‘rtog‘i O. J. milliy shirinliklar, non mahsulotlar va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkor guvohnomasiga ega.

O‘tgan yilning boshida O.J. «Uchqizil» mahallasida o‘zboshimchalik bilan 50 kv. m maydonni egallab, u yerga umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etadi va pirojka sotishni yo‘lga qo‘yadi.

Noyabrda B.E. og‘zaki ravishda noqonuniy qurilma buzilishi to‘g‘risida ogohlantiriladi. Dekabrda u oilasi bilan qurilmani buzadi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi 467-sonli qarori bilan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bunyod etilgan qurilmalar aniqlangan taqdirda, qurilmani barpo etgan shaxs 15 kun ichida ixtiyoriy ravishda inshootni buzishi kerakligi haqida ogohlantirilib, bayonnoma tuzilishi belgilangan. Bu holatda noqonuniy inshoot ko‘ngilli ravishda buziladi, bayonnoma tuzilmaydi.

Termiz tumani hokimiyati 28 fevraldagi 1074-sonli buyrug‘i bilan B.E.ga 40 kv. m maydonli yer uchastkasidan vaqtincha foydalanish va bu yerda ko‘chma savdo peshtaxtasini qurishga ruxsat berdi. B.E. hech kimga e’tirozi yo‘qligi va voqeadan afsusda ekanini ma’lum qilgan.