O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga oid qarorlari natijasida joylarda zamonaviy tibbiy muassasalar ishga tushirilmoqda. Namangan shahridagi “ANAMED” xususiy diagnostika markazi ana shunday sub’ektlardan biridir.

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu diagnostika markazi faoliyati bilan tanishdi.

Neyrojarrohlik, nevrologiya, kardiologiya, urologiyaga ixtisoslashgan ushbu markaz General Electric, Siemens va boshqa kompaniyalarning ilg‘or diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Malakali kadrlar jamoasi shakllantirilgan. Bu borada Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiyadagi yetakchi diagnostika markazlari bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Bir guruh shifokorlar ushbu mamlakatlarda malaka oshirib qaytgan. Hindiston va Rossiyadan tajribali shifokorlar ishga jalb etilgan.

Hozir bu yerda o‘ttizdan ortiq kishi ishlaydi. Shu oyda statsionar va fizioterapiya bo‘limlari foydalanishga topshirilishi bilan yana ellikdan ziyod yangi ish joyi yaratiladi.

Davlat rahbari kasalliklarni davolagandan ko‘ra, ularning oldini olish zarurligini, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va kasalliklarni erta aniqlash uchun bunday diagnostika markazlari muhimligini ta’kidladi.

Shu yerda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Namangan viloyati axborot-kutubxona markazini modernizatsiya qilish va kitobxonlik madaniyatini oshirish konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Unga muvofiq, viloyatda yana 50 ta mahallada kutubxona, 12 ta zamonaviy ko‘chma kitob do‘konlari barpo etish, 4 ta “Bibliobus” faoliyatini yo‘lga qo‘yish rajalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev aholiga kitoblarni qulay tarzda yetkazib berish, Namanganda yashab o‘tgan atoqli alloma va adiblarning asarlarini nashr etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Namangan shahrining Yuksalish mahallasi hududida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylar va hududni rivojlantirishga oid loyihalar bilan tanishdi.

Yuksalish mahallasi keyingi ikki yilda bunyodkorlik maydoniga aylandi. 2018 yilda bu yerda 588 xonadondan iborat 7 qavatli 14 ta arzon uy-joy qurib, foydalanishga topshirildi.

Joriy yil oxirigacha turar joylar yana 14 taga ko‘payib, xonadonlar soni 1 ming 176 taga yetkaziladi. Uylar bilan birga infratuzilmalar bunyod etiladi, atrof obodonlashtiriladi.

Shavkat Mirziyoyev uy-joylarni sifatli qurish bilan birga ularga xizmat ko‘rsatish darajasini ham oshirish zarurligini ta’kidladi.

Mahalla yonida 80 gektarlik kichik sanoat zonasi tashkil etilishi, bu yerda 7 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Hyundai” avtomobil zavodi ham shu hududda barpo etiladi. Ham hudud, ham ishlab chiqarish salohiyati ortishi hisobiga Yuksalish mahallasi yuqori texnologik rivojlangan shaharchaga aylanadi. Odamlar shu hududdagi kichik sanoat zonasi va yirik korxonalarda ishlaydi.

Davlatimiz rahbari Namangan shahrini zamonaviy shaharsozlik me’yorlari asosida yanada obod qilish, aholiga qulay sharoit yaratish bo‘yicha rejalar, A.Xo‘jayev ko‘chasidagi bo‘sh turgan bino o‘rnida “IT park” tashkil etish loyihasi bilan tanishdi.

Prezidentimiz shahar markazida barpo etilayotgan “Afsonalar vodiysi” bog‘i qurilishi bilan ham tanishdi. Nafaqat Markaziy Osiyoda, balki jahonda o‘xshashi kam bo‘ladigan mazkur bog‘ viloyatning tashrif qog‘oziga aylanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.