Namangan shahrida viloyat faollari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar, yoshlar ishtirokida yig‘ilish boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarini tahlil qilib, yangi vazifalarni belgilab bermoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

— O‘tgan yili qanday natijalarga erishdik, odamlar hayotida nimalar o‘zgardi, degan savol hammamizni qiynashi kerak. Bu savollarga javob topish uchun har kuni izlanishimiz, zamon talablarini o‘rganib, ilm bilan, aql bilan mehnat qilishimiz zarur. Shunda iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo‘ladi. Nima degani raqobatbardosh? Chet elda bozor topish, dunyoga munosib bo‘lish degani. Qachon munosib bo‘ladi? Ilg‘or texnologiya bo‘lsa, ularni ishlata oladigan yoshlarimiz bo‘lsa, sifat bo‘lsa, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda 2018 yilda umumiy qiymati 1,8 trillion so‘m bo‘lgan 577 ta ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirilgani, investitsiyalar hajmi 1,7 barobarga oshgani qayd etildi.

Shu bilan birga, Namangan viloyatini rivojlantirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar va rezervlar to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. O‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot o‘sishi respublika ko‘rsatkichidan 2 barobar past bo‘lgani, qishloq xo‘jaligida mahsulot ishlab chiqarish hajmi kamaygani tanqid qilindi.