Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 mart kuni Namangan viloyati faollari ishtirokida bo‘lgan yig‘ilishda Namangan viloyatini kompleks rivojlantirish uchun 2,8 milliard dollarlik Dastur ishlab chiqilganini aytib o‘tdi.

Mazkur dasturga asosan, Namangan viloyatida 2019−2020 yillarda umumiy qiymati 2,8 milliard dollar bo‘lgan 1 ming 400 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.

Davlat rahbari ushbu loyihalar 39 mingta doimiy ish o‘rni yaratish, 1,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish va o‘zlashtirishni ta’minlashini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, viloyatda «Har bir oila — tadbirkor» dasturini amalga oshirish uchun 1 trillion so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Bu mablag‘lar hisobiga viloyatda oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangicha tizimi joriy etiladi.

Namangan viloyatidagi tuman markazlarini obod maskanlarga aylantirish maqsadida har bir tumanga 20−25 milliard so‘mdan, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlariga kiritilgan qishloqlar va mahallalarga qo‘shimcha ravishda 2 milliard so‘mdan ajratilishi ta’kidlandi.