AQSH prezidenti Donald Tramp va KXDR rahbari Kim Chen In 27−28 fevral kuni Xanoyda (Vetnam) bo‘lib o‘tgan sammitda Koreyas yarim orolini denuklearizatsiya qilish bo‘yicha kelgusi harakatlar to‘g‘risida kelishuvga erisha olmadi.

Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba kuni sammit yakunlari bo‘yicha kelishuvni imzolash marosimi hamda birgalikda tushlik bo‘lib o‘tishi lozim edi. Biroq ular bekor qilindi. Muzokaralar Shimoliy Koreya rahbari Yenbendagi yadroviy ob’ektni demontaj qilish uchun barcha sanksiyalarni bekor qilishni talab qilganidan so‘ng to‘xtatildi.

Donald Tramp AQSH kelgusida muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortmasligi, biroq hozir sanksiyalarni to‘liq bekor qila olmasligini aytib o‘tdi. AQSH prezidenti muzokaralarni samarali o‘tganini, biroq uchinchi sammit qachon bo‘lishini noma’lumligini ma’lum qildi.

KXDR va AQSH rahbarlarining birinchi uchrashuvi 2018 yil 12 iyunda Singapurda bo‘lib o‘tgan edi. Ular Koreya yarim orolini denuklearizatsiya qilish tarafdori ekanliklari to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edi. O‘shanda tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash, yarim orolda barqarorlik va tinchlik o‘rnatish ustida ish olib borish majburiyatini olgan.