Barcha yuridik shaxslar haydovchilari emas, balki faqat yuk yoki yo‘lovchi tashish bo‘yicha faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar haydovchilari har ikki yilda malaka oshirish kursidan o‘tadi. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati payshanba kuni 18-yalpi majlisda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha kiritilishini ma’qulladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasiga (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) yo‘lovchi yoki yuk tashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi transport vositalari haydovchilarining malaka oshirish kursidan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat mavjud bo‘lmagani uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi qo‘shimcha bilan to‘ldiriladi.

Faqatgina transport vositasini boshqarish guvohnomasi olinganiga ikki yil to‘lmagan holatlarda sertifikat talab qilinmaydi. Bunda yangi haydovchilik guvohnomasi almashtirilgan yoki yo‘qolganining o‘rniga yangi berilgani hisobga olinmaydi.

Avvalroq Liberal-demokratik partiyasidan deputat Rasul Kusherbayev malakasini oshirmaganlik uchun jarima faqat yuk va yo‘lovchi tashuvchilarga qo‘llanilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Barcha yuridik shaxslar haydovchilaridan sertifikat talab qilish to‘g‘risidagi talab O‘zbekiston hukumati tomonidan 2017 yil sentyabrida joriy etilgan, biroq qonunchilikda haligacha mazkur sertifikat uchun javobgarlik ko‘zda tutilmagan edi.

Qonun kuchga kirishi uchun u mamlakat prezidenti tomonidan imzolanishi lozim.