O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi Amerikaning United Investment Healthcare Group kompaniyasi bilan tuzilgan «Dori-Darmon» dorixonalar tarmog‘ining 71 foizlik davlat aksiyalarini ishonchli boshqarish to‘g‘risidagi shartnomani to‘xtatdi. Bu haqda farmatsevtika riteyleri matbuot xizmati xabar qildi.

Bundan tashqari, «Dori-Darmon» kuzatuv kengashining 27 fevraldagi qarori bilan kompaniya boshqaruvi raisi Azimov Ravshan Rustamovich vakolati muddatidan avval to‘xtatildi.

Kompaniya boshqaruvi raisi vazifasini vaqtincha bajarish avval ushbu lavozimda faoliyat ko‘rsatgan Solixboyeva Umida Saidovnaga topshirildi.

«Qisqa muddat ichida (ishonchli boshqaruvga topshirilgandan bir oyga yaqin vaqtda — tahr.) UIHG shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash uchun eng yaxshi tajribalarni joriy etish vazifasi yuklatilgan yangi tajribali menejerlar jamoasini taklif qildi. mazkur tashabbus qabul qilinmadi», — deyiladi United Investment Healthcare Group kompaniyasining 18 fevraldagi bayonotida.

Davlat aktivlarini boshqarish markazi va United Investment Healthcare Group o‘rtasida «Dori-Darmon» davlat ulushini ishonchli boshqaruvga topshirish to‘g‘risidagi kelishuv 2018 yil 6 dekabrda imzolangan, hamkorlik muddati esa biznes reja parametrlariga erishilgan taqdirda yana besh yil muddatga cho‘zish imkoniyati bilan besh yil deb belgilangan edi.

«Dori-Darmon» dorixonalar tarmog‘ida O‘zbekiston bo‘ylab, jumladan 717 ta qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikasida 2000 ga yaqin apteka va ularning filiallariga ega.