Kecha Namangan viloyatiga safar qilgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chortoq tumanida barpo etilayotgan «Chortoq resorts» sanatoriy-sog‘lomlashtirish markazi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbarining har bir hududning xususiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, yangi korxonalar tashkil etish, ish o‘rinlari yaratishga oid topshirig‘iga asosan kompleks ishlar amalga oshirilmoqda.

«Chortoq resorts» sanatoriysi qurilayotgan adirlik ham yaqin-yaqingacha qarovsiz joy edi. Mahalliy tadbirkor va xorijiy investorlarning jami 25 million dollarlik sarmoyasi evaziga bugun bu yerda 15 gektardan ziyod maydonda zamonaviy oromgoh bunyod etilmoqda.

Bu viloyatda tibbiyot turizmi hamda ekoturizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi. Sanatoriyning yod, brom, tabiiy radon va boshqa minerallarga boy shifobaxsh suvi tayanch-harakat a’zolari, yurak-qon tomir va asab tizimlari, endokrinologik va teri kasalliklarini davolashda yaxshi samara beradi. Oromgoh 230 o‘rinli bo‘ladi. 250 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Markazga ushbu ixtisosliklar bo‘yicha eng malakali shifokorlarni jalb etish, shartnoma asosida germaniyalik mutaxassislar ishtirokida tibbiy ko‘riklar tashkil etish rejalashtirilgan.

Hozirda davolash va yotoq binolari, oilaviy dam oluvchilar uchun kottejlar, standart va lyuks xonalar bo‘ladigan mehmonxona barpo etilgan. Hovli va yo‘laklarni yoritish uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.

Yana bir e’tiborli jihati, oromgohda ippoterapiya yo‘lga qo‘yiladi. Bu tayanch-harakat a’zolari va kichik tos kasalliklarini davolashga yordam beradi. Shu maqsadda hozirda otxona, ochiq va yopiq manejlar qurilmoqda.

Shuningdek, soy suvidan samarali foydalanib, baliq yetishtirish maqsadida to‘rtta hovuz barpo etilgan. Ularda sanatoriy oshxonasi uchun baliq boqish bilan birga dam oluvchilarning baliq tutib, hordiq chiqarishi uchun ham sharoit yaratiladi.

Prezident ushbu sog‘lomlashtirish markazida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Chortoqda yana ko‘plab sanatoriylar tashkil etish, ularni arzon, o‘rta va qimmat tarzda tasniflash orqali aholining barcha qatlamlarini qamrab olish, raqobatni ta’minlash orqali xizmat narxini tushirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

— Bizning mintaqamizda yod tanqis. Shu jihatdan Chortoqning yodga boy suvi xalqimiz uchun juda foydali. Lekin bu joyni ko‘pchilik bilmaydi, ba’zilar yo‘l uzoqligidan qiynaladi. Shuning uchun mamlakatimizning hamma joyidan, birinchi navbatda, Qoraqalpog‘iston va Xorazmdan odamlarni bu yerga olib kelish kerak. Xalqimiz, ayniqsa, bolalarimizning salomatligi biz uchun eng muhimi. Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ham sog‘lom zurriyod kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari «Chortoq mineral water» mas’uliyati cheklangan jamiyati quvvatini kengaytirish loyihasi bilan tanishdi. Shishaga suv qadoqlashni yiliga 20−30 million donagacha oshirib, ularni yurtimizdagi barcha bog‘chalar, yozgi oromgohlar, shifoxonalar, ijtimoiy dorixonalar, supermarketlarga yetkazib berish zarurligini ta’kidladi.

Shu yerda Chortoq shahrini ekologik shaharga aylantirish, Jahon banki bilan hamkorlikda o‘rta shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi doirasida Chortoq markazini qayta qurish, Namangan aeroportini kengaytirish va shaharlararo avtobuslar qatnovini tartibga solish, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi asosida aholi bandligini ta’minlash kabi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.